11:00 / 07.07.2020
7268

Xitoy qurol savdosi haqidagi kelishuvga qo‘shildi

Xitoy Qurol savdosi haqidagi xalqaro kelishuvga qo‘shildi. Bu haqidagi tegishli hujjatni Xitoyning BMTdagi doimiy vakili Chjan Tszyun BMT bosh kotibi Antonio Guterrishga topshirdi.

Foto: TASS/EPA

Chjan Tszyunning ta'kidlashicha, Xitoy kelishuvning maqsad va vazifalarini qo‘llab-quvvatlaydi va xalqaro qurol savdosini tartibga solish hamda uning noqonuniy aylanmasiga qarshi choralarni qabul qilishga rozi. Xitoy vakilining aytishicha, kelishuvga qo‘shilish Xitoyning xalqaro va mintaqaviy barqarorlikni ta'minlash uchun qurol savdosini global boshqarishda muhim qadami hisoblanadi

Chjan Tszyun bugungi kunda jahon hamjamiyatining muammosi bir taraflilik bo‘lib qolganiga e'tibor qaratgan. Uning ta'kidlashicha, ba'zi davlatlar qurollanishni nazorat qilish haqidagi va boshqa xalqaro kelishuvlardan chiqib ketmoqda, bu esa barcha davlatlarning global muammolarni hal qilishga qaratilgan sa'y-harakatlariga putur yetkazmoqda.

Chjan Tszyun Xitoy BMTning maqsadlari va tamoyillariga amal qilishini, qurollanishni nazorat qilish sohasidagi xalqaro kelishuvni qo‘llab-quvvatlashini ta'kidlab o‘tgan.

Yuqoridagi kelishuv 2013 yil 2 oktyabrda BMTda qabul qilingan va 2014 yil 24 dekabrda kuchga kirgan. Unda ayni vaqtda 107 davlat ishtirokchi hisoblanadi.   

AQSh 2019 yil aprelida kelishuvdan chiqishga qaror qilgan. O‘shanda AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z ma'muriyatining kelishuvni ratifikatsiya qilmasligini ma'lum qilgan. Oq uyda ta'kidlanganidek, bunga ko‘plab davlatlar, jumladan Rossiya va Xitoyning kelishuvda ishtirok etmasligi sabab bo‘lgan.  

Top