16:22 / 08.07.2020
36231

O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 42taga yetdi

Toshkentda 1 iyul kuni shifoxonaga yotqizilgan 64 yoshli erkak bemor O‘zbekistonda koronavirusning navbatdagi qurboniga aylandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentda 64 yoshli erkak bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgani haqida xabar berdi.

«Uchtepa tumanida yashovchi 64 yoshli B.K. (erkak kishi) joriy yil 1 iyuldan Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi reanimatsiya bo‘limida yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, qandli diabetning 2-turi, nafas yetishmovchiligining 1-2-darajasi, shuningdek, surunkali buyrak yetishmovchiligi tashxisi bilan davolanib kelgan.

2 iyul kuni undan koronavirus infeksiyasiga namuna olingan va kasallik tasdiqlangan. Oxirgi 8 yil davomida u parkinson kasalligi bilan dispanser nazoratida bo‘lgan. Bundan tashqari, bemor 2019 yil 1 iyul kuni bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi ishemik turini ham o‘tkazgan.

So‘nggi kunlarda bemor bir necha marta mutaxassislar tomonidan konsultatsiya qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilganiga qaramasdan ahvoli keskin og‘irlashgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga karamay bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi xabarda.

Bu bugun O‘zbekistonda koronavirus tufayli qayd etilgan 2 o‘lim holati, koronavirus pandemiyasi davridagi 42-o‘lim holati bo‘ldi.

Pandemiya davrida Toshkentda 26, Namanganda 4, Samarqandda 3, Buxoro, Surxondaryo va Jizzaxda 2tadan, Farg‘ona, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida bittadan o‘lim ro‘y berdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top