00:27 / 09.07.2020
79322

Bugun 5 hududda aholi orasida yangi holatlar aniqlandi

8 iyul kuni O‘zbekistonda 422ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi (jami 11092 holat), 249 nafar bemor sog‘aydi, 5 kishi vafot etdi. Shu vaqtgacha 7060 bemorga javob berilgan, 45 kishi vafot etgan, shifoxonalarda 3987 nafar bemor davolanmoqda. Bugun kunlik o‘sish bo‘yicha ham, kunlik tuzalishlar bo‘yicha ham, o‘lim holatlari soni bo‘yicha ham yangi rekord ko‘rsatkichlar qayd etildi.

Bugun 5 hududda - Qoraqalpog‘ison Respublikasi, Toshkent shahri, Namangan, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Bugungi 422 holat mutlaq rekord o‘sish hisoblanadi va avvalgi rekord o‘rnatilgan 6 iyul kunidagidan 80 nafar ko‘p bemorda kasallik aniqlandi. Bugungi holatlardan 295tasi karantin muassasalarida, 127tasi aholi orasida qayd etilgan.

Aholi orasida (+127)
Bugun 5 hududda aholi orasida yangi holatlar aniqlangan. Iyul oyida aholi orasidagi kasallanish holatlari soni 831ta yetdi.

Bugun aholi orasidagi yangi holatlarning eng ko‘p qismi Toshkent shahrida qayd etildi - 76 holat. Poytaxtda iyun oyi boshidan buyon uzluksiz ravishda aholi orasida koronavirus aniqlanib kelinmoqda.

Qashqadaryoda keskin o‘sish kuzatildi - jami 161 holatdan 34tasi aholi orasida. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, yangi kasallanganlarning yana 127 nafari viloyatning G‘uzor tumanida barpo etilayotgan, sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Uzbekistan GTL» zavodi qurilishida ishtirok etayotganlar orasidan aniqlangan. Ayni paytda Qashqadaryo viloyati bo‘yicha jami 2793 nafar fuqaro karantinga olingan.

Bugun Samarqand viloyatida aholi orasida 11, Namangan viloyatida 4, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2 holat qayd etilgan.

Karantin (+295)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 110 holat aniqlandi. 

Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida 37 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi. Poytaxtda kun davomida jami 113ta holat aniqlandi.

Qashqadaryo viloyatida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lgani sababli karantinga olingan 127 kishida virus chiqqan.

Shuningdek, Samarqandda karantindagilardan 11 kishiga, Qoraqalpog‘istonda 7 kishiga, Namangan viloyatida 3 kishiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Tuzalganlar (+249)
bugun Toshkent shahri, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo va Buxoro viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida 249 nafar fuqaro sog‘aydi. Bundan oldingi rekord ko‘rsatkich 27 iyun kuni qayd etilgan bo‘lib, 202 nafar bemor tuzalgan va uyiga kuzatilgandi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 11092 nafar bemordan 7060 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 63 foizni tashkil etmoqda.

O‘lim (+5)
Bugun kunlik o‘limlar soni bo‘yicha ham eng yuqori natija qayd etildi. Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida 3 bemor, Qoraqalpog‘iston va Navoiyda bittadan bemor vafot etib, jami o‘limlar soni 45taga yetdi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 3987 nafar bemordan 31 nafari og‘ir, 12 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top