15:53 / 09.07.2020
11266

O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq bosh murabbiyi Vladimir Salkov vafot etdi

O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq bosh murabbiyi, TsSKA klubida sport direktori bo‘lib ishlagan rossiyalik mutaxassis Vladimir Salkov vafot etdi.

Foto Aleksey Ivanov

« TsSKA klubining sobiq sport direktori Vladimir Salkov 83 yoshida vafot etdi. Uning yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz», deyiladi TsSKA klubining matbuot xizmati xabarida.

Vladimir Maksimovich Salkov 1937 yilda Ukrainada tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyatida «Krilya Sovetov» va Donetskning «Shaxtyor» klubida o‘ynagan. 

1970 yilda murabbiylik faoliyatini boshlagan va «Shaxtyor», «Torpedo», «Rotor», SSSR olimpiya jamoasida ishlagan. Shuningdek, SSSR milliy jamoasida yordamchi murabbiy ham bo‘lgan.

2000 yilda O‘zbekiston milliy jamoasiga bosh murabbiy qilib tayinlangan. Uning qo‘l ostida futbolchilar «Merdeka» Kubogi finalida Bosniya va Gersegovina milliy jamoasini 2:1 hisobida yengib, bosh sovrinni qo‘lga kiritishgan.

Vladimir Salkov 2001 yilda JCh-2002 saralashi final bosqichida qoniqarsiz natijalar qayd etilgani bois iste'foga chiqarilgan. O‘zbekiston milliy jamoasi uning qo‘l ostida jami 19ta rasmiy o‘yin o‘tkazib, 10ta g‘alaba, 3ta durang va 6ta mag‘lubiyatni qayd qilgan.

Mavzuga oid
Top