23:51 / 11.07.2020
22207

Qozog‘istondan qaytayotganlar mehmonxona yoki karantin hududiga olib borilmoqda

Biz ayni daqiqalarda O‘zbekiston-Qozog‘istonning eng yirik chegara o‘tkazuv punkti – G‘ishtko‘prikdamiz. Bu yerda karantingacha bo‘lgan davrda kuniga o‘rtacha 15-25 ming kishi o‘tgan. 16 martdan O‘zbekistonda karantin choralari joriy qilingach bu raqam pasaydi. 

Biz o‘zbekistonliklarning chegara punktidan o‘tish jarayonlari bilan kecha ham, bugun ham tanishdik. Kuni kecha 400 ga yaqin kishi chegarani kesib o‘tgan bo‘lsa, bugun  ayni daqiqalargacha 350 dan ortiq fuqaro chegarani allaqachon kesib o‘tgan. 

Ularning barchasi dastavval dezinfeksiya to‘sig‘idan o‘tgach, tana harorati o‘lchanmoqda. Harorati me'yorida bo‘lganlar pasport nazoratidan o‘tib, bojxona tekshiruvi nuqtasiga kelishmoqda. 

Harorati yuqori bo‘lgan fuqaro qayd etilsa, u bilan batafsil suhbat o‘tkaziladi, harorati sababini aniqlashga harakat qilinadi hamda tez yordam vositasida shifoxonaga yetkaziladi. 

Biz Qozog‘istondan O‘zbekistonga qaytayotgan vatandoshlar bilan ham muloqot qildik. 

Bizga ma'lum qilishlaricha, fuqarolar markazlashgan ravishda avtobuslarda Yo‘l-patrul xizmati va Milliy Gvardiya xodimlari hamrohligida Zangiota tumanidagi O‘rtasaroy karantin hududiga joylashtiriladi.  

Shu bilan birga, avtokarvon kelguncha, fuqarolarga tushlik uchun issiq ovqat yetkazib berilmoqda. Ayni daqiqalarda Toshkent tumani hokimligi tomonidan taomlar olib kelinganiga guvoh bo‘lib turibmiz. 

Shu o‘rinda bir mulohazani bildirmoqchi edim. Xabaringiz bor, bir necha kun avval, ijtimoiy tarmoqlarda ayni chegarada 4 mingga yaqin fuqaro to‘planib qolgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bizga aytishlaricha, Qozog‘istonda sanitariya-epidemiologik holat keskinlashgani bois, o‘zbekistonliklar vatanga qaytishga qaror qilgan va ularning soni keskin oshib ketgan. 

Bu ham mayli, voqeaning e'tiboringizni qaratmoqchi bo‘lgan jihati shundaki, toki davlat rahbarining o‘zi topshiriq bermaguncha, prezident e'tibor qaratmaguncha, nahotki, boshqa mas'ullar bu masalani mustaqil ravishda hal qila olmas edi?!

Har bir masala davlat rahbari buyrug‘i bilan bajarilsa, davlat rahbari topshiriq bermaguncha, ayni masalaga mutasaddi bo‘lganlar mustaqil qaror chiqarish mas'uliyatini zimmasiga olmasa, muammolar qachon hal bo‘ladi? Axir, davlat rahbarining boshqa shug‘ullanadigan muammolari ham ko‘p emasmi?

Balki karantin hududda joy bo‘lmasa, yoki shaylanishi kechikayotgan bo‘lsa, shu xizmatga mas'ullar OAV orqali chiqish qilib, vaziyatni to‘g‘ri tushuntirishsa, bir-ikki kun sabr qilinsa, barchasi joyiga tushishi aytilsa, chegarada to‘planib qolganga, xozirgina guvohi bo‘lganimizdek, markazlashgan ravishda taomlar keltirib turilsa, olam guliston bo‘lmaydimi?

O‘ylaymizki, so‘nggi oylarda boshimizdan o‘tkazayotgan sinovlar xalq va davlat birlashishiga, bir kuch bo‘lishiga omil bo‘ladi. 

Top