08:18 / 12.07.2020
28588

Amitabx va Abxishek Bachchan koronavirusga chalindi

Mashhur hind aktyori Amitabx Bachchan koronavirusga chalinib, shifoxonaga yotqizildi. Shuningdek, uning o‘g‘li, aktyor va prodyuser Abxishek Bachchanda ham koronavirus aniqlangan.

Abxishek Bachchan va Amitabx Bachchan / Foto: Getty Images

“Mening koronavirusga tahlilim musbat chiqdi, shu sababli shifoxonaga o‘tkazildim. Oilam va xodimlarimiz ham tahlillar topshirishdi va natijalarni kutishmoqda. Men bilan oxirgi 10 kun yaqin muloqotda bo‘lganlar, iltimos, siz ham tahlil topshiring!”, deb yozgan 77 yoshli aktyor Twitter’da.

Shundan bir necha soat o‘tib 44 yoshli Abxishek Bachchan ham koronavirusga chalinganini ma'lum qilgan. U ham yengil alomatlar bilan shifoxonaga joylashtirilgan. Uning ta'kidlashicha, vahima qilishga sabab yo‘q.

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari va barcha muxlislar ota-bola aktyorlarga tezroq sog‘ayib ketishni tilab qolishgan. 

Bollivud afsonasi Amitabx Bachchan 180 dan ko‘proq filmda suratga tushgan. Aktyor “hind Oskari” deb ataluvchi Filmfare Awards mukofotining 15 karra sovrindori hisoblanadi. Bundan tashqari, u 14 yildan beri “Kim millioner bo‘lishni istaydi?” teleshousining hind variantiga boshlovchilik qiladi va BMTning ko‘ngilli vakili hisoblanadi.

Avvalroq Hindiston koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha dunyoda AQSh va Braziliyadan keyin 3-o‘ringa chiqib olgani ma'lum qilingandi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda virusga chalinganlar soni 850 mingdan oshib ketdi, undan vafot etganlar soni 22 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda.  

Top