20:03 / 13.07.2020
26524

Farg‘ona viloyati hokimi tomorqasida rediska yetishtirib sotayotganini yoshlarga hikoya qilib berdi

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev Qo‘shtepa tumanida «Sarmazor baxt zamini» fermer xo‘jaligida takroriy ekin ekish uchun 151 nafar yigit-qizlarga 0,5 gektardan ajratilgan yer maydonidagi ekinlar parvarishi bilan tanishgan.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

«O‘zim erta bahorda tomorqamizdagi bir sotix yerga plyonka ostiga rediska ekaman, — degan Shuhrat G‘aniyev yoshlarga shaxsiy hayoti va oilaviy tomorqa tajribalari haqida hikoya qilar ekan. — Uni sotib, shu yerda bulg‘ori yetishtirdim. Hozir uchinchi ekin — qalampir bor. Bir yilda kamida to‘rt marta hosil olamiz. Yer katta daromad manbai ekanligini barchamiz his etishimiz kerak». Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar qilmoqda.

Farg‘ona tumanidagi Yambaroq qishlog‘i hududidagi qarovsiz yerlar o‘zlashtirilib, kam ta'minlangan, «temir daftar»ga kiritilgan va ishsiz qolgan oilalarga ekin maydoni sifatida berilgan. Mart oyida 5,5 gektar yer maydonida yoshlarning malinachilik kooperatsiyasi tashkil qilindi. Ayni kunlarda ular malina bilan birga, yana g‘alladan bo‘shagan maydonda mosh, loviya parvarishini ham olib boryaptilar.

«Bir sotix yerdan 3–4 million so‘mgacha daromad olish mumkin, — deydi viloyat rahbari. — Mazkur ajratilgan yerlar uchun hech qanday soliq, ijara to‘lovi yo‘q. Asosiy maqsad shunday yerlardan takroran foydalanib, yoshlarning bandligini ta'minlashdir. Har bir qarich yer oltinga , suv esa zarga teng. Bu yerda ishlayotgan yoshlarimizda mehnatsevarlik fazilatlari shakllanadi, ota-onasiga yordam berishni o‘rganadi».

Viloyat hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, viloyatda kambag‘al oilalar sonini kamaytirish, ularning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilayotgani, xususan, joriy yilda qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavjud imkoniyatlar ishga solinayotgani tufayli 18 ming oila kambag‘allikdan chiqariladi.

Top