14:37 / 14.07.2020
3295

Davstatqo‘m: O‘zbekistonda oilaviy korxonalar soni o‘sdi

O‘zbekiston bo‘yicha oilaviy korxonalar soni oshib bormoqda, deb xabar beradi Davlat statistika qo‘mitasi.

2020 yilning 1 iyul holatiga ro‘yxatdan o‘tgan oilaviy korxonalar soni 38,4 mingni tashkil qilgan. Bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,5 mingga yoki 167,7 foizga ko‘proq demakdir.

Faoliyat yuritayotgan oilaviy korxonalarning soni nisbatan kamroq, ammo baribir oshgani qayd etilgan. Xususan, 1 iyul holatiga ularning miqdori 35,9 mingga yetgan. Bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,8 mingga yoki 162,7 foizga ko‘proq demakdir.

2020 yil yanvar – iyun oylarida 9,8 mingta oilaviy korxona yangidan tashkil qilingan. Bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 mingga yoki 143,1 foizga ko‘proq demakdir.

2020 yil 1 iyul holatiga Samarqand viloyati oilaviy korxonalar soni bo‘yicha peshqadam bo‘lib turibdi – 5440ta. Keyingi o‘rinlarda Surxondaryo (4140) va Farg‘ona (3916) viloyatlari boryapti. Oilaviy korxonalarning eng kam miqdori Sirdaryo viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan – 281ta.

Qo‘shimcha qilish joizki, oilaviy korxonalar faoliyati «Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi qonun bilan tartibga solinadi.

Unda «oilaviy korxona - uning ishtirokchilari tomonidan tovarlar ishlab chiqarish va realizatsiya qilish uchun ixtiyoriy asosda, ishtirokchilarning ulushli yoki umumiy mol-mulk, shuningdek ishtirokchilardan har birining mol-mulki negizida tashkil etiladigan kichik tadbirkorlik sub'yekti» ekani ko‘rsatilgan.

Top