14:06 / 15.07.2020
9702

Stikerlar yaroqsiz bo‘lib qolganda yoki mashina sotilganda almashtirib berilmaydi – DXA

Davlat xizmatlari agentligining ma'lum qilishicha, davlat xizmatlari markazlari orqali berilgan stikerlar yaroqsiz holga kelib qolganda yoxud mashina sotilganda almashtirib berilmaydi.

«Rasmiy sahifalarimiz, ijtimoiy tarmoqlardagi ommaviy guruhlar hamda keng jamoatchilikda Davlat xizmatlari markazlari orqali berilgan stikerlar mashina sotilganda, nosoz yoki yaroqsiz holga kelib qolganda almashtirib beriladimi, degan savollar ko‘paymoqda.

Xabaringiz bor, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan 2020 yil 1 avgustga qadar mamlakatimizda avtotransport harakati cheklandi. Biroq mashinalar harakatlanishi uchun DXMlar tomonidan ilgari berilgan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar karantin cheklovlari amal qilish davrida qo‘llanilishi belgilandi.

Odatda, markazlarimiz orqali ko‘rsatiladigan har bir xizmat aniq reglament asosida amalga oshiriladi. Stikerlar berish xizmati esa Maxsus komissiyasining 2020 yil 30 martdagi 13-son yig‘ilish bayoni bilan tasdiqlangan tegishli vaqtinchalik tartibga asosan amalga oshirilgan. Mazkur tartibda maxsus ruxsatnoma berilgan mashinalar o‘zgarishi munosabati bilan ularni qayta rasmiylashtirish nazarda tutilmagan», deyiladi agentlikning rasmiy bayonotida.

Qayd etilishicha, Respublika maxsus komissiyaning 2020 yil 30 martdagi 13-son yig‘ilish bayoni bugungi kunda o‘z kuchini yo‘qotgan. Davlat xizmatlari markazlari orqali avtotransport vositalariga stikerlar berish 2020 yil 9 apreldan to‘xtatilgan.

Ma'lumot uchun, har bir stiker gologrammalar bilan birgalikda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali alohida unikal raqam bilan rasmiylashtirilgan. Unga kiritilgan ma'lumotlarga hozirda Davlat xizmatlari markazlari tomonidan o‘zgartirish kiritishning texnik imkoniyati mavjud emas.

Avvalroq DXA davlat xizmatlari markazlari stiker berish to‘xtatilgani haqida ogohlantirgandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top