21:27 / 16.07.2020
39311

«SULTON TEX GROUP»ning hukumat a'zolariga qarshi arizasi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi

«Sulton Tex Group» xususiy korxonasi Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev, Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev va uning birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayev ustidan Qibray tuman ma'muriy sudiga shikoyat arizasi kiritgani xabar qilingan edi.

Bugun, 16 iyul kuni Qibray tuman ma'muriy sudida sudya Ahrorbek Eraliyev raisligida mazkur ish bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda sud jarayonini kuzatgan Kun.uz muxbiri.

Sudda da'vogar «Sulton Tex Group» xususiy korxonasi vakillari va javobgar tomondan Qishloq xo‘jaligi vaziri J.Xo‘jayev va uning o‘rinbosari Sh.Teshayevlar nomidan vazirlik mas'ul xodimlari ishtirok etdi.

Da'vogar tomon vakillarining ishtiroki Qarshi tumanidan turib, videokonferensaloqa rejimida tashkil etildi.

Sudda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyati va salohiyatini baholash bo‘yicha Respublika Ishchi guruhi vakillarining ishtiroki ta'minlanmagani bois sud majlisi boshqa kunga qoldirildi (javobgarlardan biri – O‘ktam Barnoyev ushbu ishchi guruhi rahbari sanaladi).

Navbatdagi sud majlisi shu yilning 23 iyuliga belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, «Sulton Tex Group» xususiy korxonasining Qarshi tumanidagi paxta to‘qimachilik ishlab chiqarish klasteri faoliyati Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev tomonidan 2020 yil 8 aprel kuni imzolangan yig‘ilish bayoniga asosan tugatilgandi.

Keyinchalik, Qarshi tuman ma'muriy sudi Qarshi tuman hokimi va hokimlik mansabdor shaxslariga «Sulton Tex Group» xususiy korxonasi klaster faoliyatiga aralashish, uning 2020 yil uchun fermerlar bilan tuzgan shartnomasini bekor qilish yoki o‘zgartirishga urinishi taqiqlab qo‘yilgandi.

Hozirda sudning mazkur hal qiluv qaroriga nisbatan Qarshi tuman prokurori tomonidan kiritilgan protest Qashqadaryo viloyat ma'muriy sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilmoqda.

Mavzuga oid
Top