23:24 / 16.07.2020
31475

Turkmanistonda masjidlar yopilib, poyezdlar qatnovi to‘xtatildi. «Changli havo kirib kelishi» sababli aholiga niqob taqish tavsiya etildi

Foto: arzuw.news

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq birorta ham holat qayd etilmagan Turkmanistonda boshqa mamlakatlardagi kabi cheklov choralari joriy etildi.

Mamlakatda shaharlararo jamoat transporti harakati to‘xtatildi. «Turkmanavtotransport» agentligining xabar berishicha, Ashxobod va boshqa shaharlar orasida qatnovchi avtobuslar harakati noma'lum muddatga to‘xtatildi. Alohida qayd etilishicha, «Archman», «Mollakara», «Dashoguz» va «Bayramali» davolash maskanlariga yo‘lovchi tashish davom etadi.

Türkmendemirýollary temir yo‘l operatori yo‘lovchi poyezdlar harakati 16 iyuldan 23 iyulgacha to‘xtatilishini e'lon qildi.

Arzuw News saytining Turkmaniston muftiysi ma'muriyatiga tayanib yozishicha, o‘tkir yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish davlat rejasi doirasida profilaktika ishlari o‘tkazilishi munosabati bilan respublikadagi masjid va cherkovlar yopilgan.

Saytning ma'lumot berishicha, Ashxoboddagi restoranlar ham profilaktika ishlari bois 23 iyulgacha faoliyatini to‘xtatgan.

Turkmaniston sog‘liqni saqlash vazirligi aholini ko‘chada tibbiy niqobda yurishga chaqirmoqda. Ammo vazirlik ushbu tavsiyani COVID-19 xavfi bilan emas, balki mamlakat hududiga changli havo oqimi kirib kelishi bilan izohlagan.

Vazirlik shuningdek, aholiga «bir-biridan kamida bir metr masofada bo‘lish»ni tavsiya qilgan, ammo buning changli havo oqimiga qanday bog‘liqligi borligiga aniqlik kiritilmagan.

Bundan tashqari, aholi punktlari hamda chegaradosh hududlarda «zararsizlantirish tadbirlari» o‘tkazilishi — avtomobillar va samolyotlarda dezinfeksiyalovchi vositalar sepilishi xabar qilingan.

15 iyul kuni Turkmanistonda 6 iyuldan buyon ish olib borayotgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maxsus missiyasi o‘n kun davom etgan tekshiruvlarning xulosasini e'lon qildi. Missiya rahbari Ketrin Smolvud maxsus brifingda «Turkmaniston JSSTning Yevroosiyo mintaqasida birorta ham COVID-19 kasalligi aniqlanmagan yagona a'zosi bo‘lib turibdi» deb bayonot berdi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top