18:05 / 16.07.2020
53565

Turonbank fuqarolarning omonatdagi 100 ming dollarini bermayapti. Pullarni bankning sobiq xodimi o‘marib ketgan

Turonbankning Zangiota filiali sobiq xodimi jinoiy yo‘l bilan fuqarolarning bankka omonatda saqlashga topshirgan 100 ming AQSh dollarini «uxlatib» ketgan. Bank esa hozircha bu pullarni o‘z egalariga qaytarmoqchi emas.

Foto: Turonbank

Kun.uz tahririyatiga qaynona-kelin – Ziyodaxon va Fotima Musaxo‘jayevalar yo‘llagan murojaatda bankning sobiq xodimlari omonatda saqlashga berilgan pullarni talon-toroj etgani haqida hikoya qilinadi.

Musaxo‘jayevalar bir necha yillar davomida o‘zlarining oilaviy jamg‘argan pullarini ishonchliroq joyga uzoq muddatga saqlab qo‘yish haqida o‘ylay boshlashgan. Yaqinlari Turonbankning Zangiota filialini ishonchli davlat banki deb tavsiya qilishgani uchun, jamg‘argan pullarini shu bankka qo‘yishga qaror qilishgan.

O‘sha vaqtdagi vaziyat haqida Ziyodaxon Musaxo‘jayeva quyidagicha hikoya qiladi:

«O‘g‘limning ishlari o‘sha vaqtda yaxshi bo‘lgani uchun, bu pullarni uzoq vaqtga, nevaralarim katta bo‘lgunga qadar omonatda saqlashni aytgan edim. Islom dinida foiz olish yaxshi emasligi sababli, pullarni foizsiz omonatga qo‘yishni ma'qul deb topdik.

Mening nomimdan 50 ming AQSh dollari va kelinim Fotima nomidan 50 ming AQSh dollarini omonatga qo‘yish uchun pullarni va pasportimizni 2009 yil 2 dekabr kuni o‘g‘lim Shavkatga berib yubordik. Shu kuni o‘g‘lim bankka borib, mening nomimga va kelinimning nomiga pullarni Turonbank Zangiota filialiga omonatga qo‘yib keldi. Mening nomimga 50 ming AQSh dollari omonatga qo‘yilgani haqida 022333-sonli omonat daftarchasi va kelinim nomiga 50 ming AQSh dollari qo‘yilgani haqida 022334-sonli omonat daftarchasini, pulni topshirgani haqida kvitansiyalarni olib keldi.

Oilamizda daromadimiz yetarli bo‘lgani sababli, davlat bankini ishonchli joy deb bilib, bu omonat pullarini uzoq vaqt so‘ramadik...»

2018 yil may oyida oila pulga ehtiyoj seza boshlagani sababli bankdagi omonat pullarini qaytarib olish uchun borishgan. Lekin Turonbank Zangiota filiali xodimlari ularga bankdagi omonat pullari joyida yo‘qligini xabar qilishgan.

Shundan keyin ular vaziyat bo‘yicha Turonbank ATBga murojaat qilishgan. Mazkur murojaat yuzasidan Turonbank ATB Boshqaruvi raisining 2018 yil 17 maydagi buyrug‘iga asosan, Zangiota filialida xizmat tekshiruvi o‘tkazish belgilanadi. Filialda o‘tkazilgan hamda Boshqaruv raisi tomonidan tasdiqlangan xizmat tekshiruvi xulosasida, bankning IABS elektron dasturidan ochib ko‘rilganda, 2010 yil 28 fevral kuni 2009 yil 2 dekabrdagi 010948-sonli kvitansiya bilan F.Musaxodjayeva nomiga hisob raqami ochilib, 50 000 AQSh dollari, Z.Musaxodjayeva nomiga ochilgan hisob raqamiga esa 20 000 AQSh dollari kirim qilingani, 2010 yil 1 mart kuni esa F.Musaxodjayeva nomiga yozilgan 015973-sonli chiqim kassa orderi bilan 50 000 AQSh dollari, Z.Musaxodjayeva nomiga yozilgan 015976-sonli chiqim kassa orderi bilan esa 20 000 AQSh dollari chiqim qilingani ma'lum bo‘lgani yoziladi.

Sud materiallarida keltirilishicha, ushbu chiqim kassa orderlari bank bosh buxgalteri tomonidan imzolangan hamda unda ko‘rsatilgan summani olgani to‘g‘risidagi mijoz imzosi ham mavjud bo‘lgan.

Keyinchalik, sud tomonidan 2010 yil 1 martdagi 015973-sonli va 015976-sonli chiqim kassa orderlaridagi imzolarning da'vogarlarga tegishli ekani masalasini aniqlash maqsadida ish bo‘yicha sud-xatshunoslik ekspertizasi tayinlangan. H.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining 2019 yil 15 maydagi xulosasida Turonbank Zangiota filialining 2010 yil 1 martdagi 015973-sonli va 015976-sonli chiqim kassa orderlari nusxasidagi imzolar da'vogar (Musaxo‘jayeva)larga tegishli emasligi ko‘rsatilgan.

Turonbank ATB Boshqaruvi raisi o‘rinbosari imzolagan javob xatida ularning pullarini noma'lum odamlar yechib olib ketgani, bu bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlari va pullarini shu odamlardan undirishlari lozimligi bildirilgan.

«Axir, buni qanday tushunsa bo‘ladi – biz oddiy fuqarolar davlat bankiga ishonib, o‘z uyimizdan ham ishonchli joy deb bilib, halol jamg‘argan pullarimizni omonatga topshirsagu, lekin qaytarib olishga kelganda, davlat bankining bunday javobi odamni hayratga soladi. Bundan keyin banklarga kim ishonadi-yu, kim o‘z pullarini omonatga qo‘yadi?» – deydi Z.Musaxo‘jayeva.

Javob xatidan tushunish mumkinki, mazkur vaziyatda bank rahbariyati javobgarlikni o‘z zimmasiga olmasligini bildirgan.

Bunga ko‘nmagan qaynona-kelin omonat pullarini bankdan undirish haqida sudga da'vo ariza bilan murojaat qilishgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2019 yil 10 iyundagi hal qiluv qarori bilan Turonbank Zangiota filiali hisobidan ularga jami 851 357 000 so‘m miqdordagi omonat pulini undirish belgilangan.

Ma'lum bo‘lishicha, Turonbank Zangiota filialining valuta bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan R.M. omonatchilarning imzolarini qalbakilashtirib, 2010 yilda ularning hisobidagi omonat pullarini yechib olib ketgan. Keyinroq esa uning o‘zi ishdan bo‘shab ketgan.

Murojaatchilarning aytishicha, Turonbank filiali ularning omonat pullarini bermaslik uchun bu pullarni ularga bank emas, bankning sobiq xodimi R.M. qaytarishi haqida turli sudlarga va prokuratura organlariga arizalar yozib kelgan. Bankning har bir arizasi bo‘yicha MIBdagi ijro ishi to‘xtatib qo‘yilavergan.

Bankning arizalari bo‘yicha voqealar rivoji quyidagicha kechgan:

1) Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2019 yil 10 iyundagi hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati kiritilgan. Apellyatsiya sudi 2019 yil 23 iyuldagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini o‘z kuchida qoldirgan.

2) Bank tomonidan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori va apellyatsiya instansiyasining ajrimi ustidan Oliy sudga nazorat tartibida shikoyat kiritiladi. Oliy sudning 2020 yil 6 apreldagi ajrimi bilan bank arizasi rad qilingan va sud qarorlari o‘z kuchida qoldirilgan.

3) Bu orada Turonbank omonat pullarini noqonuniy olib ketgan sobiq xodimlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rish va pulni undirib berish uchun prokuratura organlariga murojaat qilgan. Zangiota tuman prokuraturasida Turonbank Zangiota filiali sobiq mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi uchinchi qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan. Lekin javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketgani bois 2019 yil 13 dekabrdagi qaror bilan jinoyat ishi harakatdan tugatilgan.

4) Turonbank Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga omonatchilarga qarshi 2009 yil 2 dekabrda ochilgan 022333-sonli va 022334-sonli omonat daftarchalarini haqiqiy emas deb topish haqida da'vo arizasi kiritgan. FIB Shayxontohur tumanlararo sudining 2020 yil 24 yanvardagi hal qiluv qarori bilan bankning arizasi qanoatlantirishdan rad qilingan.

5) Turonbank Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati kiritgan. Apellyatsiya instansiyasining 2020 yil 17 martdagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori o‘zgarishsiz, o‘z kuchida qoldirilgan.

6) Turonbank tergov natijasidan va ayblovdan kelib chiqib, FIB Toshkent shahar sudiga «FIB Toshkent shahar sudining 2019 yil 10 iyundagi hal qiluv qarorini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha bekor qilib, ishni qayta ko‘rish haqida» ariza bergan. FIB Toshkent shahar sudining 2019 yil 26 dekabrdagi ajrimi bilan bank arizasi rad qilingan va hal qiluv qarori to‘g‘ri chiqarilgan deb topilgan.

7) Turonbank FIB Toshkent shahar sudining 2019 yil 26 dekabrdagi ajrimi ustidan apellyatsiya shikoyatini kiritgan. Apellyatsiya sudining 2020 yil 7 fevraldagi ajrimi bilan FIB Toshkent shahar sudining ajrimi o‘z kuchida qoldirilgan.

8) Turonbank Zangiota filiali tuman prokuraturasining jinoyat ishini tugatish haqidagi 2019 yil 13 dekabrdagi qarori ustidan yuqori tashkilotlarga shikoyat qilgan. Yuqori turuvchi prokuraturaning tashabbusi bilan ushbu qaror bekor qilinib, sobiq bank xodimlariga nisbatan jinoyat ishi tergovi qayta tiklangan.

 

Vaziyat yuzasidan izoh olish maqsadida Turonbank Zangiota filiali bilan bog‘langanimizda bank vakillari agarda bank aybdor bo‘lsa, javobgarlikni zimmalariga olishga tayyor ekanliklari, biroq hozirda Zangiota tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi bo‘yicha qo‘shimcha tergov harakatlari o‘tkazilayotgani, xususan, avvalgi tergovda R.M. omonat pullarini omonatchilarga qaytarib bergani to‘g‘risida ko‘rsatma bergani tufayli mazkur ko‘rsatma tergov jarayonida isbotini topish-topmasligiga qarab bir qarorga kelishlarini bildirishdi. Agar R.M. pullarni omonatchilarga qaytarib bergani isbotini topsa, buning orqasidan fuqarolik sudi chiqargan hal qiluv qarorini bekor qilinishiga erishmoqchiliklarini bayon qilishdi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: bir emas bir nechta sud qarorlari mavjud bo‘la turib, jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari o‘tkazilayotgani omonatni qaytarmaslikka sabab bo‘la oladimi?

Omonat pulini bankning mansabdor shaxsi o‘zlashtirib ketganidan qat'i nazar, ushbu holatda omonatchilar oldidagi javobgarlikni o‘zlashtirganlar emas, balki bank o‘z zimmasiga olishi kerak. Chunki Fuqarolik kodeksining 989-moddasiga ko‘ra, yuridik shaxs o‘z xodimi mehnat (xizmat, lavozim) majburiyatlarini bajarib turgan vaqtida yetkazgan zararni qoplashi belgilab qo‘yilgan.

Majburiy ijro byurosi Zangiota tuman bo‘limining tegishli sud qarorlari bo‘la turib ijroni ta'minlamayotganining o‘zi alohida mavzu. Shu bois bu masalaga navbatdagi tayyorlanayotgan maqolamizda batafsil to‘xtalamiz.

Ma'lumot uchun: Aksiyadorlik jamiyati shaklidagi «TURONBANK» aksiyadorlik tijorat banki aksiyalarining 18 foizi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, 11 foizi Davlat aktivlarini boshqarish markazi DUK, 64 foizi O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda 7 foizi boshqa shaxslarga tegishlidir.

Umid qilamizki, fuqarolarda bank tizimiga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatining uyg‘onishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan ushbu holatni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va «TURONBANK» ATBning ta'sischilari (aksiyadorlari) e'tiborsiz qoldirmaydilar.

Mavzu yuzasidan surishtiruvlarni davom ettiramiz.

Abbos Salaydinov
Dilshod Abduqodirov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top