19:42 / 18.07.2020
6141

Samarqand shahrining aksar hududlarida ikki kun suv bo‘lmaydi

Samarqand shahrining aksar hududlarida ikki kun davomida ichimlik suvi bo‘lmaydi. Ma'lum bo‘lishicha, «shahar aholisining ichimlik suvi ta'minotini yanada yaxshilash maqsadida» ta'mirlash ishlari olib boriladi.

Samarqand shahrining ba'zi ko‘chalarida ichimlik suvi ta'minotini yanada yaxshilash uchun tarmoqlarda rekonstruksiya ishlari olib boriladi. Bu haqda Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, ta'mirlash ishlarini olib borish uchun shaharning asosiy qismiga ichimlik suvi yetkazib beradigan markaziy «Cho‘pon ota» suv inshooti vaqtincha suv ta'minotini to‘xtatadi.

Ta'mirlash ishlari Usta Umar Jo‘raqulov, Afrosiyob, Ibn Sino va Dahbed ko‘chalaridan o‘tuvchi tarmoqlarda amalga oshiriladi. Shu bois 19 iyul soat 23:00dan 21 iyul 23:00gacha «Cho‘pon ota» suv inshooti vaqtincha o‘chirib turiladi. Oqibatda Siyob va Bog‘ishamol hududlarida to‘liq, Temir yo‘l hududining bir qismi, So‘g‘diyona maskani, Mikrarayon A-B va Amir Temur turar joy mavzelarida va Amir Temur mavzesining Samarqand tumani bilan chegaradosh hududlarida 19 iyul 23:00dan 21 iyul 23:00gacha ichimlik suvi ta'minoti to‘xtatiladi.

Xabarga aynan qaysi mahallalarda suv o‘chishi haqidagi ro‘yxat ilova qilingan.

Top