12:05 / 19.07.2020
7805

Ergash Soliyev Jizzaxda oziq-ovqat va dori-darmon ta'minoti hisobga olinganini ma'lum qildi

Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev bugun, 19 iyul kuni viloyat ahliga murojaat qildi. U so‘nggi haftalarda koronavirus pandemiyasining nafaqat dunyo, balki mamlakatimizda ham keng tarqalayotganiga urg‘u berdi. Jizzaxliklarni yanada hushyorlikka, karantin qoidalariga amal qilishga chaqirdi.

«Qadrli yurtdoshlar! Jizzax viloyatida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat murakkablashib, kasallanish darajasi kundan kunga oshib bormoqda. Bir kun davomida 10 nafargacha bo‘lgan fuqarolarda koronavirus infeksiyasi aniqlanyapti.

Viloyatdagi 6ta davolash profilaktik muassasalarida jami 340 nafar bemor tibbiy nazoratga olingan bo‘lib, ulardan 104 nafarida koronavirus infeksiyasi tasdiqlandi. Ulardan 60 nafari sog‘aygan, 41 nafari davolanmoqda. Qolgan 236 nafar koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan bemorlar malakali tibbiy xodimlar tomonidan davolanmoqda. Koronavirusga chalingan bemorlarning 17 nafari og‘ir va 3 nafari o‘ta og‘ir holatda.

Viloyatda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq fuqarolarning murojaatlariga Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy amaliy markazi Jizzax viloyat filialida koll-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur markazga malakali tibbiyot xodimlari jalb qilinib, (72) 226-32-03, (72) 226-25-98 telefon raqamlari orqali kunlik 200-220 nafar fuqarolarning murojaati yuzasidan tegishli maslahat va tavsiyalar berib borilyapti.

Viloyatda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi va viloyat OITS markazi laboratoriyalarida koronavirus infeksiyasiga tekshirish (PsR test sinovlari) o‘tkazilmoqda. Bugungi kunga qadar fuqarolardan 47 ming 595ta test sinovlari olindi. Bir kunda o‘rtacha 1400-1500 test sinovlari olinmoqda. Covid-19’ga chalingan bemorlar viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanyapti. Mazkur markazda bemorlarni davolash uchun 155ta o‘rin-joy (koyka) tashkil qilingan. Bundan tashqari, vaqtinchalik tashkil etilgan gospitallarda bemorlarga malakali mutaxassislar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda. Viloyatda bugungi kunda Covid-19’ga chalingan bemorlarni davolash uchun 7ta tibbiyot muassasasida 741ta o‘rin tashkil etilib, to‘liq karavot va kerakli jihozlar bilan ta'minlangan.

Viloyatda faoliyat olib borayotgan tibbiyot muassasalarini zarur dori-darmon bilan ta'minlash maqsadida joriy yilning olti oyi davomida, jami 43 mlrd 485,7 mln. so‘m mablag‘ ajratilgan.

Viloyat aholisini zarur dori-darmon vositalari bilan o‘z vaqtida va maqbul narxlarda ta'minlash maqsadida viloyat hokimligining 2020 yil 16 iyuldagi farmoyishiga asosan mahalliy budjetning daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan 2,0 mlrd. so‘m mablag‘ «Jizzax dori-darmon» MChJ hisob raqamiga o‘tkazib berildi.

Tibbiy me'yorlarga asosan joriy yil yakuniga qadar aholi iste'moli uchun 48,6 ming tonna kartoshka, 22,4 ming tonna piyoz, 17,2 ming tonna sabzi, 11 tonna guruch, 97 ming tonna un va non mahsulotlari, 21,3 ming tonna mol va qo‘y go‘shti, 52,7 ming tonna sut mahsulotlari, 10,9 ming tonna baliq, 234,1 mln. dona tuxum talab qilinishi hisob-kitob qilindi.

Oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni qoplash hamda ularning narxlari keskin ko‘tarilib ketishi oldini olish uchun viloyatda 135,2 ming tonna kartoshka, 124,6 ming tonna piyoz, 46,3 ming tonna sabzi, 307,9 ming tonna poliz, 0,7 ming tonna guruch, 536,3 ming tonna un, 132,6 ming tonna mol va qo‘y go‘shti, 609,0 ming tonna sut, 9,9 ming tonna baliq hamda 301,8 mln. dona tuxum yetishtiriladi.

Viloyatda karantin tartib qoidalari kuchaytirilgan bir vaqtda birinchi navbatda viloyat bo‘yicha ehtiyojmand (kambag‘al) sifatida ro‘yxatga olingan 12168ta oilaga «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi va homiylik asosida 11 turdagi zarur oziq-ovqat va dori-darmondan iborat moddiy ko‘mak ajratilmoqda.

2020/2021 o‘quv yili uchun oliy ta'lim muassasalariga talabalikka qabul qilish uchun test sinovlari Jizzax ixtisoslashgan olimpiya zaxiralari maktab internatining sport zalida bir kunda 3 marta test sinovlari o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 1380 nafar abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega. Joriy yilgi test sinovlarida 72 320 nafar abituriyentlar ishtirok etishi kutilmoqda. Ular uchun har bir abituriyentga karantin talablaridan kelib chiqqan holda bir martalik tibbiy niqob va qo‘lqoplar bilan ta'minlanishi rejalashtirilgan.

Aziz yurtdoshlar! Yaratganning o‘zi jizzaxliklarni, butun xalqimizni hamda insoniyatni bu ofatdan tezroq ozod qilsin, barchamizni o‘z panohida asrasin! Uyda qoling!» deya Soliyevning so‘zlarini keltirmoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top