21:21 / 19.07.2020
65812

Olmazor tumani hokimligi koronavirusga chalingan tibbiyot xodimi vafot etgani haqida xabar berdi

Toshkent shahrining Olmazor tumani «Mirzo G‘olib» mahallasida joylashgan 18-oilaviy poliklinika katta hamshirasi Feruza Asqarovna To‘xtayeva 60 yoshida koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etdi. Bu haqda 19 iyul kuni Olmazor tumani hokimligi ma'lum qildi.

«COVID-19 kasalligi mehribon ona, fidoyi, jonkuyar, xalqparvar, bemorlar dardiga davo bo‘lib kelgan shirinsuxan hamshira Feruza Asqarovnani oramizdan bevaqt olib ketdi.

Bemorlarga yordam ko‘rsatib charchamagan, ayniqsa hozirgi vaqtda fidoyilik ko‘rsatgan Feruza opa so‘nggi vaqtgacha o‘z kasbiga sadoqat bilan yondashdi.

Og‘ir judolik sabab Olmazor tumani hokimligi nomidan marhumaning oila a'zolariga chuqur ta'ziya  va hamdardlik bildiramiz. Ularga yaratgandan sabr tilab qolamiz. Alloh o‘tganlarning oxiratlarini obod aylasin», deyiladi tuman hokimligi ta'ziyanomasida.

Hozircha Sog‘liqni saqlash vazirligi bu o‘lim holati haqida rasman axborot bermadi. Vazirlikning bugun e'lon qilgan axborotlarida 67 va 49 yoshli bemorlar vafoti haqida aytilgan.

Vazirlik hozirgacha 85ta o‘lim holatini rasman tasdiqlagan. Ammo jamoatchilikka ma'lum o‘limlar soni 88taga yetdi. Bungacha 15 iyul kuni Davlat xizmatlari agentligining Navoiy viloyatidagi xodimi Adhamjon Dehqonov 61 yoshida, 18 iyul kuni Madaniyat vazirligi xodimi Akmal Irisov 32 yoshida koronavirusdan vafot etgani xabar qilingan, biroq hozircha ushbu holatlar SSV tomonidan tasdiqlangani yo‘q.

17 iyul kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Sanjar Abduqodirov 40 yoshida hayotdan ko‘z yumgan edi. Qo‘mita o‘z ta'ziyanomasida o‘lim sababiga aniqlik kiritmagani koronavirus degan taxminni yuzaga keltirgandi, ammo SSV bu borada ma'lumot berganicha yo‘q.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top