10:39 / 19.07.2020
2746

Toshkent viloyatida qat'iy cheklovni buzgan 245 nafar haydovchiga chora ko‘rildi

Qoida buzgan haydovchilarning asosiy qismi Bo‘stonliq, Yuqori Chirchiq va Bekobod tumanlari hududiga to‘g‘ri keladi. 

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan 2 hafta shanba va yakshanba kunlari avtomobillar harakati qat'iy cheklanishi ma'lum qilingan edi.

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, joriy qilingan cheklovlar yuzasidan ichki ishlar organlari va hamkorlikdagi tashkilotlar bilan birgalikda olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari hamda tushuntirish va ogohlantirishlarga qaramay, viloyat bo‘yicha jami 245 (shanba kuni - 132, yakshanba kuni - 113) nafar haydovchi o‘zlari va o‘zgalar hayoti va sog‘ligini xavfga qo‘yib, karantin qoidalarini buzgan holda ikki kun (shanba va yakshanba)da ham harakatlanishni davom ettirgani aniqlanib, tegishli chora ko‘rilib avtotransportlar jarima maydoniga qo‘yildi.

Qoida buzgan haydovchilarning asosiy qismi Bo‘stonliq, Yuqori Chirchiq va Bekobod tumanlari hududiga to‘g‘ri keladi. 

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan, shanba va yakshanba (18-19 iyul va 25-26 iyul) kunlari respublika miqyosida avtotransport vositalari, shu jumladan, yo‘nalishsiz taksilar harakati to‘liq to‘xtatilishi e'lon qilingan edi.

Shanba va yakshanba kunlari quyidagi 2 toifa avtomashinalarga harakatlanish uchun ruxsat beriladi:

maxsus ruxsatnoma (stiker)lari bor bo‘lgan avtotransportlar;

maxsus ruxsatnoma (stiker)siz yurish huquqiga ega bo‘lgan avtotransportlarga.

Shuningdek, aholiga "o‘zini o‘zi yakkalash" hayot tarziga qat'iy rioya etgan holda o‘z uylarida qolish, davlat organlari va muassasalari, xo‘jalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlarga – xodimlarni ishga jalb etmaslik, xodimlarning ushbu kunlarda uyda qolishi uchun sharoit yaratish belgilangan.

Top