23:34 / 19.07.2020
45792

Yana to‘rt o‘lim qayd etildi. Rasman tasdiqlangan o‘limlar soni 90ga yaqinlashdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi 19 iyul kuni ham O‘zbekistonda koronavirusga chalinish oqibatida ro‘y bergan 4ta o‘lim holati haqida xabar berdi. Qatorasiga oltinchi kun kunlik o‘limlar soni to‘rttani tashkil etmoqda.

Birinchi o‘lim. 10 iyul kuni Toshkentdagi 1–sonli klinik shifoxonaga yotqizilgan qibraylik 67 yoshli bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

Qibray tumanida yashovchi 67 yoshli U.A.da (ayol) joriy yil 10 iyul kuni Covid-19 tasdiqlangan va Toshkent shahridagi 1 – sonli klinik shifoxonaga olib kelinib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.
 
16 iyul kuni esa o‘tkir nafas yetishmovchiligi kuzatilgani sababli sun'iy o‘pka ventilyatsiyasi apparatiga olingan. Unga Covid-19 infeksiyasi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. 
 
Xastalik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, diabetik ensefalopatiya, diabetik nefropatiya asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan. 
 
Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. 
 
Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgan. 

Ikkinchi o‘lim. 5 iyul kuni Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasiga yotqizilgan shayxontohurlik 47 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 47 yoshli M.K. (ayol)da joriy yil 5 iyul kuni Covid-19 tasdiqlangan va u Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga Covid-19 infeksiyasi, yurak ishemik kasalligi tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator disstres sindrom, nafas va o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemorda gipertoniya hamroh kasalligi bo‘lgan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. 

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. 11 iyul kuni Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasiga yotqizilgan 65 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Olmazor tumanida yashagan 65 yoshli fuqaro K. G. (erkak)da 11 iyul kuni Covid-19 tasdiqlangan va Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasiga yotqizilgan.

Bemor doimiy ravishda yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kasalligi, qandli diabet, surunkali o‘pka obstruktiv kasalligi bilan davolanib yurgan.

Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni belgilangan standartlar asosida olib borilgan.

Hamroh kasalliklar fonida kasallik asoratlari hisobiga ahvoli keskin og‘irlashgan bemor, mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. 6 iyul kuni Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan yunusobodlik 39 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Yunusobod tumanida yashagan 39 yoshli M.R (erkak)da 6 iyul kuni Covid-19 tasdiqlangan va u Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Unda Covid-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir miokard infarkti, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida tibbiyot mutaxassislari tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. 

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Shu tariqa, O‘zbekistonda rasman koronavirus qurbonlari soni 87taga yetdi. Ammo Sog‘liqni saqlash vazirligi statistikasida qayd etilmagan kamida 3ta o‘lim holati bor.

15 iyul kuni Davlat xizmatlari agentligining Navoiy viloyatidagi xodimi Adhamjon Dehqonov 61 yoshida, 18 iyul kuni Madaniyat vazirligi xodimi Akmal Irisov 32 yoshida, 19 iyul kuni Olmazor tumanida joylashgan 18-oilaviy poliklinika katta hamshirasi Feruza To‘xtayeva 60 yoshida koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgani xabar qilindi, biroq hozircha ushbu holatlar SSV tomonidan tasdiqlangani yo‘q.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top