15:00 / 20.07.2020
14630

“Bolamni yo‘qotishdan qo‘rqaman”- Baliqchilik oilaning 6 yashar farzandi ko‘makka muhtoj

Andijon viloyati Baliqchi tumani Jartepa mahallasida yashovchi Kamolaxon Xonto‘rayeva tahririyatimizga murojaat qilib, 6 yoshli o‘g‘li Izzatullohning operatsiyasi uchun xayriya aksiyasi uyushtirishga yordam berishimizni so‘radi.

Baliqchi tumaniga borib, oilaning yashash sharoiti bilan tanishdik.

2014 yilning oktyabrida dunyoga kelgan Izzatullohga shifokorlar tug‘ilganidayoq yurak nuqsoni (porogi) tashxisini qo‘yishgan.

Diagnoz: Fallo tetradasi, ko‘k turi, yurak yetishmovchiligi.

Izzatulloh to‘rt yoshligida birinchi yengil operatsiyani boshdan o‘tkazdi. Operatsiya muvaffaqiyatli bo‘ldi. Lekin, bolajon to‘liq tuzalib ketmadi. Hozir u juda nozik. Ko‘p yura olmaydi, charchab qoladi. Tez-tez kasal bo‘lib turadi. Endi Izzatullohni ikkinchi operatsiya kutmoqda.

Izzatullohning oilasida uchta farzand voyaga yetyapti. Uning Shavkatbek va Dilmurodjon ismli ikki ukasi bor. Oila boshlig‘i Shokirjon Xonto‘rayev kunlik ishlab pul topadi (mavsumiy ishchi). Onasi uyda chaqaloq tarbiyasi bilan band. Bemor bolaning bir oylik dorilariga 2-3 million so‘m atrofida pul sarflanadi. Oilaning Izzatullohni operatsiya qildirish uchun mablag‘i yo‘q.

“Farzandimiz tug‘ilganidayoq shifokorlar yurak porog ekanligini aytishgan. Ikki yoshida Toshkentda tibbiyot markazida operatsiya qildirdik. Ikkinchi muhimroq bo‘lgan operatsiyani davlat kasalxonasida qilisha olmas ekan. Keyingi oy xususiy klinikada operatsiya qildirishimiz kerak. Operatsiya narxi 51 million so‘m ekanligini aytishdi. Pul topa olmay qiynalib ketdik. Bormagan joyimiz qolmadi. Erim ishsiz, odamlarning uyida mavsumiy ishlarni qiladi. Topganimiz tirikchilik va Izzatullohning dori-darmoniga ketadi. Uning immuniteti past, ko‘p kasal bo‘lishi bor. Dorilariga bir oyda 2-3 million sarflaymiz.

Bolamni yo‘qotib qo‘yishdan juda qo‘rqyapman. Kechalari bilan uyqum kelmaydi. Bor umidimiz ehsonli kishilardan. Iltimos farzandimizning operatsiyasi uchun yordam beringlar”, deydi onasi Kamolaxon Xonto‘rayeva.

Savob istagan insonlardan Izzatullohni tengdoshlari qatoriga qo‘shish uchun hissa qo‘shishni so‘raymiz. Saxovatpesha insonlar bu maqolamizni bee'tibor qoldirmaydilar, degan umiddamiz. Zero, ehson – eng ezgu amallardan biri.

Xonturayeva Kamolaxon (bemorning onasi) nomidagi kartalar:

Click/PayMe: 8600 0417 5530 5969 (Agrobank)

 8600 0604 1944 4030 (Xalq banki)

 Elmurod Ermatov tayyorladi.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top