18:40 / 20.07.2020
15250

Messi. Messi. Messi va boshqalar. Ispaniya chempionatida mavsum ijrochilari haqida

19 iyul kuni Ispaniyada navbatdagi mavsum ham yakuniga yetdi. «Real» 33-bor chempionga aylanib, «Barselona» bilan o‘rtadagi farqni 7taga oshirgan bo‘lsa, «Leganes», «Malorka» va «Espanol» kabi klublar kelasi mavsumni Segundada o‘tkazadigan bo‘lishdi.

Foto: Getty Images

Agar alohida ijrochilar bo‘yicha chempionatni tahlil qiladigan bo‘lsak, mavsum yana Leo Messiga atalganini ko‘rish mumkin. Hujumchi bu safar jamoaviy sovrinlardan boshqa, barcha individual ko‘rsatkichlar bo‘yicha Ligada, ba'zi jabhalarda umuman, Yevropada yetakchilik qildi. Quyida shu haqida batafsil.

To‘purar – Messi. 25 gol

Pichichi nomi bilan ataladigan bu sovrin «Barselona» sardori Leo Messiga ketdi. Argentinalik hujumchi o‘z faoliyatida yettinchi marta, ketma-ket esa, to‘rtinchi marta La Liga to‘purari deb topildi. Qizig‘i, doim Messi Ispaniya chempionati to‘purarligini yutganida, unga birato‘la «Oltin butsa» ham nasib qilardi. Ammo ushbu mavsumda «Bavariya» hujumchisi Robert Levandovskiga hech kim yeta olmasa kerak.

Keyingi o‘rinni «Real» hujumchisi Karim Benzema egalladi - 21 gol. Messi ham, Benzema ham penaltidan 5tadan gol urishgan. «Vilyarreal» hujumchisi Jyerar Moreno 18 gol bilan uchinchi o‘rinni oldi.

Agar gollarni maydondagi daqiqalarga nisbatan olsak ham, Messi birinchi o‘rinda – uning har bir goli uchun 115 daqiqa kerak bo‘lgan. Messining jamoadoshi Luis Suares har 125 daqiqada 1 gol bilan keyingi yaxshi ko‘rsatkichni qayd etdi.

Har bir o‘yinda darvozaga berilgan aniq zarbalar bo‘yicha ham Messi benazir – 2.2. Uning gollar bo‘yicha ta'qibchisi Karim Benzema bir o‘yinda o‘rtacha 1.6ta aniq zarba berishga muvaffaq bo‘lgan.

Assist – Messi. 21 assist

Messi nafaqat o‘zi gol urdi, balki sheriklariga imkoniyat yaratib berishda ham Ispaniyada, hamda Yevropada eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan. Mavsum davomida 21 golga uzatmani amalga oshirish Yevropa uchun ham rekord natijadir. Shulardan 5tasi standart vaziyatlardan so‘ng amalga oshgan. Demak, Messi hammasi bo‘lib «Barselona»ning 46 golida bevosita ishtirok etgan bo‘lib chiqmoqda.

Golli to‘p uzatishlar bo‘yicha keyingi ko‘rsatkichlar deyarli ikki barobar past – «Sosedad» yarim himoyachisi Mikel Oyarsabal hisobida 11ta, «Vilyarreal»ning endilikda sobiq futbolchisi Santi Kasorlada esa 9ta assist mavjud.

Dribling – Messi. 5.5

Foto: Xavi B. / AFP7 / Europa Press Spors via Getty Images

Muvaffaqiyatli driblinglar bo‘yicha ham Messi birinchi. U har o‘yinda o‘rtacha 5.5 marta raqib futbolchilarini aldab o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. Yevropada, aniqrog‘i, «kuchli beshlik»da ham bu ko‘rsatkichga yaqin kelgan futbolchilar yo‘q.

Ikkinchi o‘rin o‘tgan yozda «Lion»dan Ispaniyaga transfer qilingan Nabil Fekirga tegishli. «Betis» yarim himoyachi har o‘yinda o‘rtacha 3.1 marta dribling amalga oshirgan. Bu yerda ham uchinchi o‘rinda «Vilyarreal» futbolchisi – Andre Zambo-Angissa, 2.4.

O‘tkir paslar va yaratilgan vaziyatlar – Messi

Har o‘yinda uzatilgan o‘tkir paslar bo‘yicha Messi o‘rtacha 2.7 ko‘rsatkich qayd etgan, mavsum davomida yaratgan xavfli vaziyatlar bo‘yicha esa, 36 ko‘rsatkich bilan yetakchilik qilgan.

«Betis»dagi Serxio Kanales hisobida har o‘yinda 2.2ta o‘tkir pas, «Levante» a'zosi Xose Kampanyada esa 2ta o‘tkir pas mavjud. Jami yaratilgan imkoniyatlar bo‘yicha Messining ta'qibchilari deyarli uch barobar kam.  Mikel Oyarsabalda 14, Karim Benzemada 13ta.

Ko‘kka sovurilgan qulay vaziyatlar – Alvaro Morata

Birinchi marta reytingda Messi yo‘q, lekin bu salbiy ko‘rsatkichlar ekanini ham e'tiborga oling. «Atletiko» hujumchisi Alvaro Morata 34 o‘yinda 18 marta juda qulay imkoniyatlarni golga aylantira olmagan. Uning gollari soni 12ta. Ikkinchi o‘rinda esa ko‘pchilik taxmin qilganidek, Karim Benzema – «Real» hujumchisi 16 vaziyatni ko‘kka sovurgan. Leo Messi bu reytingdan Luis Suaresdan (15) keyin to‘rtinchi (13) o‘rinni egallab turibdi.

Aniq paslar – Kleman Langle

Bir uchrashuvga to‘g‘ri keladigan aniq paslar soni bo‘yicha dastlabki 4 o‘rinni «Barselona» vakillari egallab turishgani e'tiborga molik. Markaziy himoyachilar Kleman Langle (70.6) va Jyerar Pike (70.3) yetakchi, keyingi o‘rinlarni Serxio Buskets (70.2) va Jordi Alba (62.6) egallashgan.

«Real» yarim himoyachisi Toni Kroos 62.4 ko‘rsatkich bilan beshinchi o‘rinda, ammo agar umumiy paslar ulushi bo‘yicha olsak, Kroos umuman Ligada yetakchi. Germaniyalik futbolchining 93.5 foiz paslari jamoadoshlariga aniq yetib borgan.

Quruq o‘yinlar – Tibo Kurtua. 18 o‘yin

Dastlabki mavsumda juda ko‘p tanqidlarga uchragan Tibo Kurtua nihoyat o‘z darajasiga qaytdi va o‘zi qatnashgan 34 o‘yinning 18tasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlay oldi. Shuningdek, «Real» ligada eng kam gol o‘tkazib yuborgan – 25 ta.

So‘nggi uch yilda bunday reytinglarni boshqargan Yan Oblak («Atletiko») hisobida bu safar kamroq – 16ta «quruq o‘yin» mavjud. U Kurtuadan 2ta ko‘proq o‘yin o‘tkazgan. «Xetafe»ning barcha o‘yinlarida qatnashgan darvozabon David Soriya hisobida esa 15ta shunday o‘yin mavjud.

Agar darvozabonlarni ijro etgan seyvlari bo‘yicha baholab chiqsak, bu borada «Levante» posboni Aytor Fernandes tengsiz bo‘ladi – har o‘yinda o‘rtacha 4.4 seyv. «Malorka»dan Manolo Reynaning natijasi 3.4, uchinchi o‘rinni esa «Valensiya» darvozaboni Yasper Silessen egallagan – 3.3.

Raqib yarimmaydonida to‘p uchun kurashish – Martin Edegor. 35

Foto: globallookpress.com/Mutsu Kawamori

Ushbu reytingga qarab, biz Ispaniyada eng ko‘p pressing qiladigan jamoani ham aniqlashimiz mumkin – «Real Sosedad». Chunki nafaqat Edegor, balki ikkinchi natijani (33) qayd etgan futbolchi Mikel Merino ham aynan san-sebastyanliklar safida to‘p suradi. Uchinchi o‘rinda «Eybar» a'zosi Fabian Orelyana hisobida sal kamroq –32. U o‘tgan mavsumda ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Ligada tengsiz deb topilgandi.

Yana bir e'tiborga molik jihat – «Barselona»ning yildan yilga pressingni kamaytirib borayotganidir. Xususan, oxirgi uch yilda kamida 2 nafar «Barselona» hujumchilari reytingning ilk oltiligida joylashar edi. Bu safar faqat Serxio Buskets 10-o‘rinda. Bu borada «Barselona»ning doimiy yetakchisi bo‘lgan Leo Messi esa, Ligada 21-o‘ringa tushib ketgan.   

Himoyalanishdagi ko‘rsatkichlar

Agar raqib hujumlarini buzish, to‘pni olib qo‘yish ko‘rsatkichlarini ko‘rib chiqsak, «Granada» yarim himoyachisi Maksim Gonalon yetakchi – u har o‘yinda o‘rtacha ikki martadan to‘pni raqibdan olib qo‘ygan. Keyingi eng yaxshi natijalar Fran Games («Malorka») va Saul Nigesga («Atletiko») tegishli – 1.8tadan.

To‘pni qaytarish bo‘yicha «Atletiko»ning braziliyalik tajribali himoyachisi Filipeda eng yaxshi ko‘rsatkich – 5.1. «Sevilya»dan Diyego Karlos, «Valyadolid»dan Muhammad Solisuda har o‘yinda o‘rtacha 5tadan raqib hujumini qaytarish bor.

Penaltilar

Endi biroz salbiy tomondan qarasak, «Alaves» himoyachisi Ruben Duarte 5 marta o‘z jarima maydonida qoida buzgan. Aslida ko‘proq bo‘lishi ham mumkin, bu yerda faqat penalti belgilangan vaziyatlar inobatga olinyapti. Uning «Granada»dagi familiyadoshi Domingos Duarte va yana 5 futbolchi 3 martadan penaltiga sababchi bo‘lishgan. Bular – Idrissu Baba, Junior Lago («Malorka»), Robin Le Norman («Real Sosedad»), Manuel Garsiya («Alaves») va Mark Bartra («Betis»).

Penalti ishlash bo‘yicha yuqorida driblinglarda ham yetakchi Nabil Fekirning bo‘lishi tabiiy hol. Fransiyalik yarim himoyachiga nisbatan raqiblar besh marta qoida buzib, penalti bilan jazolanishgan. Messi mavsum davomida atigi bir marta penalti ishlagani biroz qiziq, lekin u ko‘proq jarima maydoni yaqinida qoida buzilishini yaxshi ko‘rishini ham unutmaslik kerak.

Kartochkalar

Hakam tomonidan eng ko‘p ogohlantirilgan futbolchilar «Xetafe»dan Damian Suares va «Barselona» markaziy himoyachisi Jyerar Pikedir. Har ikki futbolchi hisobida 15tadan sariq kartochka bor. Eng qo‘pol futbolchi esa, shubhasiz, «Xetafe» himoyachisi Allan Nomdir. U 13 marta ogohlantirilgandan tashqari, ikki marta maydondan chiqarib ham yuborilgan.

Mavsum davomida jami 78 marta qizil kartochka ko‘rsatilgan. Olti futbolchi ikki martadan bu jazoga loyiq ko‘rilgan. Nomdan tashqari bular: Zuhayr Feddal («Betis»), Kleman Langle («Barselona»), Nebil Fekir («Betis»), Fakundo Ronkalya («Osasuna») va Li Kan In («Valensiya»).

Q.Aslanov tayyorladi

Top