15:38 / 21.07.2020
5121

2020 yilda 371 kishi, 2017 yildan buyon esa 2360 nafar shaxs sudlar tomonidan oqlangan – Oliy sud raisi o‘rinbosari

2020 yilning birinchi yarmida 371 nafar shaxs oqlangan. 2017 yildan boshlab shu kunga qadar respublika bo‘yicha oqlanganlar soni 2360 nafarga yetgan. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov ma'lum qildi.

«2020 yilning birinchi yarmida 256 ta jinoyat ishi bo‘yicha 371 nafar shaxs oqlangan. 2017 yildan boshlab shu kunga qadar respublika bo‘yicha 1554 jinoyat ishi bo‘yicha 2360 nafar shaxs bugungi kunga qadar to‘liq oqlangan.

Bundan tashqari, yarim yil davomida 550 ta ish bo‘yicha 1111 ta dastlabki tergov organi tomonidan e'lon qilingan, asossiz ayblovlar chiqarilgan. 2017 yildan 2020 yilning shu kuniga qadar bu ko‘rsatkich 9193 tani tashkil etadi.

Oqlangan shaxslar tomonidan asossiz javobgarlikka tortilishi oqibatida yetkazilgan mulkiy va ma'naviy zararni undirish bo‘yicha kiritilgan da'vo arizalariga muvofiq sudlar tomonidan 290 ta ish ko‘rilgan bo‘lib, shundan 267 tasi qanoatlantirilgan va buning natijasida noqonuniy jinoiy ta'qib oqibatida jabr ko‘rgan fuqarolarimizga 34 mlrd 378 mln.dan oshiq mulkiy va ma'naviy zarar to‘liq undirib berilgan», deya Ikrom Muslimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq Oliy sud mulozimi Jarqo‘rg‘on va Gulistonda sud xodimlariga nisbatan kuch ishlatilishi holati yuzasidan ma'lumot berib, bu borada ayni paytda Jarqurg‘ondagi voqea bo‘yicha tergov, Gulistondagi sudyaga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanganini aytgan edi.

Mavzuga oid
Top