23:06 / 21.07.2020
13924

«Davlat juda qiyin tanlov orasida qolgandi» – Allamjonov xorijdagi vatandoshlarning olib kelinishi haqida

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi, ayni kunlarda «Tez yordam» dasturini olib borayotgan Komil Allamjonov dasturning 21 iyuldagi sonida xorijdagi o‘zbekistonliklarni vatanga olib kelish masalasida o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.

«Davlat juda ham qiyin tanlov orasida qolgandi. U fuqarolarni ham olib kelmaslikning iloji yo‘q. Suvsiz, uysiz, ovqatsiz chegarada qolib ketgan, arosatda qolgan qancha fuqarolar olib kelinyapti. Olib kelmaylik desak, ular ham bizlarning fuqarolarimiz. Olib kelsak, bu yerda ham fuqarolarimiz. Juda og‘ir vaziyat.

Bu balo keldi. Hamma harakat qildi va hamma harakat qilmoqda. Butun dunyoga tarqagan narsa baribir bizga ham kirib kelardi. Fuqarolarni olib kelish noto‘g‘ri bo‘ldi, degan fikrdan men qochgan bo‘lardim. Chunki davlat rahbari uchun har bir fuqaro – u yurt ichida bo‘ladimi, yurtdan tashqaridami, muhim.

Masalaga ehtiyotkorlik bilan baho berish kerak. To‘g‘ri yo noto‘g‘ri qildi deyishdan oldin shu o‘ringa o‘zini qo‘yib vaziyatga kirib ko‘rish kerak», – dedi Allamjonov.

Immunolog-infeksionist, tibbiyot fanlari nomzodi Aziza Xo‘jayevaning hisoblashicha, xorijdan olib kelinib, karantinga joylashtirilgan fuqarolardan olingan PZR testlari natijalari xato bo‘lgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

«Mart oyida joriy qilingan karantin o‘rinli bo‘ldi, shu tufayli aprel oyida O‘zbekistonning aholisi «toza» qoldi. Lekin «toza» populyatsiyaning ustiga bemorlar kela boshladi – chet eldan fuqarolarni qaytarish boshlandi. Ular karantinda o‘tirdi, lekin olingan PZR test natijasi yolg‘on manfiy chiqqan bo‘lsa ham, sog‘san, deb qo‘yib yuborishgan bo‘lishi mumkin. Ular kasallikni simptomsiz kechirib, virusni tarqatib yuravergan. Bu kasallikning ko‘payib ketishiga sabab bo‘ldi», – dedi mutaxassis.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov chet eldan o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarishni vaqtincha to‘xtatib, ularni turgan mamlakatlarida davolanishlarini moliyalashtirish taklifi bilan chiqqan.

«Xorijdan vatandoshlarimizni olib kelishni to‘xtatish, ularni turgan mamlakatlarida davolanishlarini moliyalashtirish haqida o‘ylashimiz kerak. Bu birinchi navbatda o‘sha vatandoshimizning qarindoshlariga, qolaversa, butun O‘zbekistonga yaxshilik bo‘ladi», – degan siyosatchi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top