08:49 / 22.07.2020
39994

6ta tumanda davlat ehtiyojlariga don topshirish shartnomalari bajarilishi ta'minlanmagan

Respublikada 2020 yil boshoqli don hosilini yetishtirishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni kelgusida bartaraf etishga doir chora-tadbirlar qabul qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining “Respublikada 2020 yil boshoqli don hosilini yetishtirishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni kelgusida bartaraf etishga doir chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Hujjatda qayd etilishicha, Jizzax viloyatining Arnasoy, Zafarobod, Paxtakor tumanlarida, Namangan viloyatining Kosonsoy, Chust, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida davlat ehtiyojlariga don topshirish shartnomalari bajarilishi ta'minlanmagan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda boshoqli don yetishtirish yakunlarini har bir tuman va sektor kesimida tahlil qilish bo‘yicha Respublika ishchi guruhining 2020 yil hosilidan boshoqli don yetishtirish yakunlarini o‘rganish natijalari bo‘yicha axboroti, shuningdek, davlat ehtiyojlari uchun don yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarini bajarmagan fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari ma'lumot uchun qabul qilinadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlariga, ayniqsa, Jizzax va Namangan viloyatlarining 4 ta sektor rahbarlariga 2020 yil hosili uchun boshoqli don ekinlari parvarishida agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi ko‘rsatib o‘tiladi.

2020 yilda boshoqli don hosilini yetishtirishda jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi, agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatda to‘g‘ri tashkil etmaganligi, o‘z xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qaraganligi uchun:

a) Arnasoy (J.Berdiboyev) va Chust (B.Axunov) tumanlari hokimlari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan;

b) Paxtakor (tuman hokimi Sh.Boboyev, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i E.Axmedov, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i A.Ergashov), Kosonsoy (tuman hokimi B.Yusupov, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i F.Mirzayev, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i A.Najmiddinov), Yangiqo‘rg‘on (tuman hokimi A.Najmiddinov, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i N.Mirziaxmedov, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i A.A'zamxonov), Arnasoy (tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i X.Umurov), Zafarobod (tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i A.Islomov) tumanlarining sektor rahbarlariga “hayfsan” e'lon qilinadi;

v) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Arnasoy (X.Gaziyev) va Yangiqo‘rg‘on (Q.Axmadjanov) tumanlari prokurorlari faoliyatiga baho berish masalasini ko‘rib chiqish tavsiya etiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda bir hafta muddatda:

davlat ehtiyojlari uchun don yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarini bajarmagan fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining bajarmaslik sabablarini chuqur tahlil qiladi;

tahlillar natijasidan kelib chiqib, davlat ehtiyojlari uchun don yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarini bajarmagan fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan tuzilgan yer ijara shartnomasini belgilangan tartibda bekor qiladi;

yengib bo‘lmaydigan kuch holat (fors-major)lari (zilzila, qurg‘oqchilik, suv toshqini, yong‘in, sel, do‘l, jala va boshqa tabiiy ofatlar) sababli kontraktatsiya shartnomasini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmaganligi isbotlangan fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari bundan mustasno.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar va tumanlar hokimlari davlat ehtiyojlari uchun don yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarini bajarmagan fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining tumanlar hokimliklari zaxirasiga qaytarilgan yer uchastkalarini g‘allachilik klasterlariga, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga va boshqa tashabbuskorlarga belgilangan tartibda ajratish ishlarini bir oy muddatda yakunlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bir oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklarining takliflariga asosan 2021 yil hosili uchun boshoqli don ekinlarini navlar bo‘yicha joylashtirish va boshoqli don yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Bunda, boshoqli don ekinlarini navlar bo‘yicha joylashtirishda bitta konturga ikki yildan ortiq, ya'ni uchinchi yil g‘alla joylashtirishmaslikka alohida e'tibor qaratadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda sug‘oriladigan maydonlarda 2021 yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish, parvarishlash bo‘yicha agrotexnika tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini nazarda tutadi.

Top