12:53 / 22.07.2020
17011

Pandemiya sharoitida ishsizlik va kambag‘allikka qarshi qanday kurashilmoqda? Toshkent viloyati hokimi bilan suhbat

Koronavirus pandemiyasi sharoitida O‘zbekistonning tibbiyot sohasidagi yillar davomida to‘planib qolgan muammolar ko‘zga tashlanib qoldi. Qolaversa, karantin choralari kambag‘al qatlamning moliyaviy imkoniyatlarini yanada pasaytirib yubordi. Xo‘sh, viloyatlar kesimida pandemiya bois yuzaga chiqqan bu kabi muammolar qanday bartaraf etilmoqda?

Koronavirus pandemiyasi sharoitida O‘zbekistonning tibbiyot sohasidagi yillar davomida to‘planib qolgan muammolar ko‘zga tashlanib qoldi. Qolaversa, karantin choralari kambag‘al qatlamning moliyaviy imkoniyatlarini yanada pasaytirib yubordi. Xo‘sh, viloyatlar kesimida pandemiya bois yuzaga chiqqan bu kabi muammolar qanday bartaraf etilmoqda?

Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatovga shu va boshqa savollar bilan murojaat qildik.

– Toshkent viloyatida yirik tibbiyot muassasalari kamligi bois viloyatliklar Toshkent shahridagi shifoxonalarga murojaat qilib keladi. Bu masala o‘tgan davrlar mobaynida hal etilmagani pandemiya vaqtida o‘zining salbiy tomonini namoyon qildi desak, xato qilmaymiz. Toshkent viloyatida yirik tibbiyot muassasalari yetishmasligi bilan bog‘liq muammoga pandemiya sharoitida qanday yechim topilyapti?

– Bugun rahbarlarning birinchi galdagi vazifasi koronavirus ta'sirini iloji boricha kamaytirishdir. Toshkent viloyati 22 tumandan iborat, 3 milliondan ortiq aholisi bor. Asosan Toshkent shahri atrofini egallagan. Qolaversa, Qozog‘iston bilan chegaradosh. Qozog‘iston, Tojikistondan O‘zbekistonga kiruvchi chegaralar viloyatimiz hududidan o‘tgan. Viloyatda maxsus kengaytirilgan shtab tuzilgan. Unda malakali mutaxassislardan iborat guruh ishlayapti.

Ilgari Toshkent viloyatining markazi Toshkent shahri bo‘lgan. Ushbu markaz joyi o‘zgartirildi. Bu esa viloyat aholisining muammolarini yechishga katta yordam berdi. Tasavvur qiling: viloyat markazi Toshkent shahrida bo‘lsa, barcha ma'muriy tashkilotlar joylashsa, bugungi ahvol qanday bo‘lardi? Viloyat kasalxonalari ham shaharda joylashgan edi.

Prezident o‘tgan yili Toshkent viloyatiga tashrifi yakunida viloyat sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash bo‘yicha topshiriq berdi. Buning uchun 398 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. Barcha tuman tibbiyot birlashmalari imkoniyatlari mutaxassislar tomonidan ko‘rib chiqildi. Toshkent tumani markazidagi shifoxona sharoitlari juda xarob edi. 32 mlrd so‘mga rekonstruksiya qilindi. Jihozlanishi esa «Salomatlik» dasturi orqali amalga oshiriladi.

Yangiyo‘l tumanining shifoxonasi bo‘lmagan. Tumanning Xalqobod shaharchasida 30 mlrd so‘mga yangi shifoxona qurildi, yaqinda ishga tushadi. Yangiyo‘l shahrida esa 14 mlrd so‘m mablag‘ga yuqumli kasalliklar shifoxonasi qurilyapti. Chinoz tumanida 28 mlrd so‘mga zamonaviy shifoxona bunyod etildi. Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka tumanlarida yangi imkoniyatlarga ega poliklinika qurildi. O‘tgan yili sohaga salkam 400 mlrd so‘m ajratilgani bugun o‘z samarasini beryapti.

Oldingi yillarda tibbiyotga ajratilgan mablag‘larning noto‘g‘ri taqsimlanishi tibbiyotning oqsashiga sabab bo‘ldi. Hozir vaziyat o‘zgardi: shifoxonalar imkoniyatlari ko‘rib chiqilyapti, zarur jihozlar bilan ta'minlanyapti, tez tibbiy yordam mashinalari yetarli qilib qo‘yildi.

– Pandemiya respublika tibbiyotining haqiqiy ahvolini ko‘rsatib qo‘ydi, nazarimizda. Tan olish kerak, nafaqat Toshkent viloyati, balki O‘zbekistonning barcha hududida tez tibbiy yordam avtomobillarining tanqisligi bilindi. Shuning uchun bu borada viloyatda qanday ishlar qilinmoqda? Viloyatga nechta tez tibbiy yordam avtomobili kerak? Qanchasi xarid qilindi? Qanchasiga buyurtma berildi?

– Fikrimcha, tibbiyotdagi eng asosiy bo‘g‘in tez tibbiy yordam hisoblanadi. Shuning uchun tez tibbiy yordam shoxobchalari, xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlar, tez tibbiy yordam mashinalari texnik holati, jihozlanishini atroflicha o‘rganib chiqdik. Jami 237ta tez tibbiy yordam brigadalari bor. Yangidan 20ta tez tibbiy yordam mashinasi keldi. Ular mahalliy budjetlar hisobidan xarid qilindi. Tumanlar o‘z budjetdan 1-2ta tez tibbiy yordam mashinasini xarid qilib bo‘ldi.

Tez tibbiy yordam sohasini tartibga keltirmasdan turib fuqarolar salomatligini ta'minlash qiyin.

– Viloyatda tibbiyot xodimlariga bo‘lgan ehtiyoj qanday?

– Albatta, ehtiyoj bor. Bugun 4885dan ortiq oliy ma'lumotli, 48 mingga yaqin kichik tibbiy xodimlar bor. Bir qarashda yetarlidek tuyuladi. Lekin markazdan olis bo‘lgan Bekobod, Bo‘ka tumanlarida vakant o‘rinlar bor. Bu bo‘yicha ham topshiriq berilgan. Masalani hal qilishni o‘rganib chiqyapmiz.

– Tibbiyot akademiyasini bitirgan kadr Chirchiqdan bo‘lsa, Bekobodga borib ishlashi uchun unga sharoit qilib berilishi kerak-da. Shu jihatlari ham o‘ylanyaptimi?

– Yaqin 3 yilda hokimlar, prokurorlarga davlat balansida turadigan uylar berildi. Profilaktika nozirlari yashash hududida uylar bilan ta'minlandi. Endi shifokorlarga ham uy-joy qurib berilishi kerak. Uy-joy bilan ta'minlamasak, Bekobodga bormaydi. Bu masalani ko‘rib chiqyapmiz. Tumanda qurilayotgan uylardan tibbiyot xodimlariga beriladi. Busiz muammoni hal qilolmaymiz.

– Viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy muammolariga to‘xtalaylik. Qancha kambag‘al oila bor? Ularga moliyaviy ko‘mak berish masalasi qanday hal qilinyapti?

– Avvallari bu so‘z rasmiy doiralarda ishlatilmasdi. Prezidentning shaxsiy tashabbusi bilan joylarda kambag‘allikni tugatish uchun sa'y-harakatlar boshlandi. Prezident topshirig‘iga asosan mahallabay, tumandagi sektorbay, shaharbay ishchi guruhlar tuzilib, har bir xonadon yashash sharoiti o‘rganib chiqilyapti. O‘zim ham ko‘plab xonadonlarga kirib chiqdim. Xalq tilida «temir daftar»ga qayd qilib, elektron baza yaratildi. Shuning natijasida 30 mingdan ortiq oila kambag‘alligi aniqlandi.

Viloyatda 1044ta mahalla bo‘lsa, har bir mahalla bo‘yicha kambag‘allar ro‘yxati bor. Ular bo‘yicha tizimli ishlar olib boryapmiz. Moddiy yordam masalasi haqida aytsam. Tadbirkorlar ko‘rsatgan moddiy yordami tufayli 48 mlrd so‘mlik oziq-ovqat mahsuloti muhtojlarga tarqatildi. Bu ishlar davom ettirilyapti. Aholi bandligi masalasi 3ta yo‘nalishda olib boriladi.

Birinchidan, yoshlar bandligini ta'minlash. Ko‘p yoshlar xorijga ishlashga ketyapti. Ma'lum sabablarga ko‘ra, keta olmaganlari vaqtinchalik daromadsiz qoldi. Ularni band qilish ustida ish olib borilmoqda. Ikkinchidan, oliy yoki o‘rta-maxsus ta'lim muassasalariga hamma yoshlar ham kirolmaydi. Ularning bandligini ta'minlash uchun kreditlar ajratish, tadbirkorlik qilishi uchun sharoitlar yaratishdir.

Uchinchidan, xotin-qizlar bandligiga ham e'tibor beryapmiz. Viloyatda 31ta to‘qimachilik korxonasi tashkil qilindi. Viloyat ayollari Toshkent shahriga borishardi. O‘zini-o‘zi band qilish, yengil sanoat, yerdan foydalanish yo‘nalishlarida ularning bandligiga sharoit yaratib berishni maqsad qilganmiz.

«Saxovat va ko‘mak» xayriya jamg‘armasi hisobiga viloyat tadbirkorlari tomonidan 10 mlrd so‘m mablag‘ kelib tushdi. 7 mlrd so‘mi hali ishlatilmadi, shu bilan birga, aholining kambag‘al qatlamiga qoramol, parrandalar yetkazib berilib, kambag‘allikdan chiqishga yordam berildi.

Prezident tashabbusi bilan kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha tizimli ishlar qilinyapti. Afsuski, biz kambag‘alni ko‘rib, unga yordam bermadik, nogironlar ahvolini ko‘rib, aravacha olib bermadik. Mana bugun hammasini bir chetdan hal qilyapmiz.

Viloyatda tadbirkorlarga yetarli sharoitlar yaratildi, tekshiruvlarga moratoriy qo‘yildi, imtiyozli kreditlar ajratildi. Shu sababli investitsiya, eksport borasida pandemiya sharoitiga qaramasdan yaxshi natijalarni qo‘lga kirityapmiz. Kichik tadbirkorlik sub'yektlari yarim yilda 1676taga ko‘paydi. Bu 5tadan deganda 8 ming, 10tadan deganda 16 ming ish o‘rni deganidir. Zamonaviy, eksportbop mahsulot chiqaradigan zavodlar shunaqa vaziyatda ishga tushishi quvonarli holdir.

– Viloyatda iqtisodiy ahvol qanday? Pandemiya tufayli viloyat iqtisodiyoti qancha zarar ko‘radi? O‘sishi qanday bo‘ladi? Hisob-kitob qilindimi?

– Iqtisodiyotda muammolar bo‘lishi aniq. Tayyor mahsulotlar bor, lekin bozor yopiqligi uchun oldi-sotdi, o‘zaro muloqot yo‘q. Yaqinda Xitoy metall korxonasi ochildi, 65 mln dollar investitsiya kiritilgan korxona. U yerda chiqqan metall mahsulotlarining A-500 sifat yorlig‘i bor. Bu noyob texnologiyani import qilmasdan o‘zimizda ishlab chiqarishga erishyapmiz.

Umuman olganda, viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy holati yomon emas. Mahalliy budjetda 70 mlrd so‘m atrofidagi mablag‘ kam-ko‘stlarni bartaraf etish uchun qoldi. Ilgari ishlagan vaqtimda hokimiyat budjetida yil bo‘yi pul bo‘lmasdi. Masalan, shifoxonada kanalizatsiya yo‘q. Buni bilaman, lekin ijobiy tarafga o‘zgartirolmayman masalani, chunki mablag‘ bo‘lmasdi. Bugun esa vaziyat boshqacha.

– Hokim Rustam Xolmatov tanqidga qanday qaraydi?

– Biz ma'lum davrda tug‘ildik, yashadik. Totalitar tuzumda, tanqid bo‘lmagan davrda ko‘pchilik shakllandi. Qolaversa, unday keyingi jamiyatda erkin fikr bildirish, tanqid qilish eng quyi darajalarda bo‘lib turdi.

Agar tanqid adolatli bo‘lsa, sizning ishingizga ijobiy ta'sir o‘tkazadigan bo‘lsa, uni qabul qilish, hal qilish kerak. Qaysi tumandagi biror muammo bo‘lsa, uni tezlik bilan hal qilishga harakat qilaman, mas'ullarga joyiga borib o‘rganishi uchun topshiriq beraman.

Tanqid – kelajak mevasi. Tanqid bo‘lmasa, bir joyda to‘xtab qolish mumkin. Shuning uchun bunga ijobiy qarayman.

Tolib Rahmatov suhbatlashdi.
Operator Nuriddin Nursaidov

Top