19:11 / 24.07.2020
12184

Natsistlar konslagerining sobiq qo‘riqchisiga hukm chiqarildi. U minglab mahbuslar o‘ldirilishida ishtirok etishda ayblangan

Germaniyada Shtuttgof konslagerining sobiq qo‘riqchisi, 93 yoshli Bruno Deyaning (nemis OAVlar uning familiyasini oshkor etmaydi) sud jarayoni sudlanuvchining yoshi keksaligiga va koronavirus pandemiyasiga qaramay, nihoyat yakunlandi.

Payshanba kuni Hamburg oliy mintaqaviy sudi 2019 yil oktabr oyidan beri davom etayotgan ushbu sud jarayonini tugatdi va fashistlarga xizmat qilgan sobiq qo‘riqchiga jazo chorasi tayinladi.

Sud GFR fuqarosi bo‘lgan mazkur shaxsni fashistlar Germaniyasi davrida SSning «Jonsiz bosh» bo‘limida xizmat qilgan davrida Gdansk (o‘sha paytda Dansig deb nomlangan) yaqinidagi natsistlar konslagerida 1944 yil avgustdan 1945 yil aprelgacha 5 230 nafar mahbusni o‘ldirishda aloqador deb topdi. Unga ikki yil shartli qamoq jazosi tayinlangan. O‘sha paytda Gdanskdagi konslagerda jami 65 ming mahbusning bir qismi o‘ldirilgan, qolgani ochlikdan, qiynoq va kasalliklardan halok bo‘lgan.

Ushbu sud ishi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha palatada ko‘rib chiqilgan (SSga a'zo bo‘lgan paytda sudlanuvchi Bruno o‘n yetti yoshda bo‘lgan). Aslida bunday sud majlislariga jamoatchilik vakillari qo‘yilmaydi. Ammo sudya Mayyer-Gering xonim ushbu ishning «ulkan tarixiy ahamiyatga egaligi va zamonaviy neonatsist tendensiyalarini hisobga olgan holda» jamoatchilik vakillari va OAV xodimlarini sud ishida qatnashishlariga ruxsat bergan.

Sud jarayoni juda dramatik tarzda kechdi. Shtuttgof konslageridan omon qolgan 35 nafar mahbus Brunoga qarshi da'vogar bo‘lishdi. Ulardan ikkitasi videokonferensiya orqali ko‘rsatma bergan, to‘rt nafari sud majlisiga kelgan. Sudlanuvchi jamoatchilik va OAVdan yuzini ko‘k papka bilan bekitib o‘tirishga uringan.

Foto: Daniel Bockwoldt, DPA Pool, AP

«Bizni qo‘riqlagan odamlarni ayblayman. Hech qachon ularni kechirmayman. Ular bizga qanday azoblar berganini va nimalar qilganlarini hech qachon esdan chiqarmayman. Qo‘riqchilarda u minora tepasida turib hamma jarayonni kuzatishi mumkin edi», deb xolokost jabrdiydasi bo‘lgan Roza Blox bu so‘zlarni sobiq qo‘riqchi bo‘lgan sudlanuvchining yuziga aytgan.

Brunoga qarshi yana bir jabrlanuvchi Judi Mayzel ham ko‘rsatma bergan. Uning aytishicha, soqchilar tomonidan aytilgan juda ko‘p haqoratlarga chidagan. U fashistlar bolalarni devor oldida turg‘izib qo‘yib otib tashlaganlarini ko‘rganini, shuningdek, 1944 yil 21 noyabr kuni ko‘z o‘ngida onasini gaz kamerasiga olib borib tiqishganini guvohi bo‘lganini aytib bergan: «Bu voqea konslagerdagilarni Sovet armiyasi kelib ozod qilishidan bir necha kun oldin sodir bo‘lgan edi», deb barcha voqealarni aniq eslagan.

Hukm e'lon qilinishidan avval Brunoning advokatlari OAV xodimlariga jabrlanuvchilar 93 yoshli ayblanuvchini qamatish istagida emasliklarini, shu uchun sudyadan unga shartli jazo berishni so‘rashganini ma'lum qilgan.

Bruno Deyaning ishi umumiy tarzda 45ta sud majlisida ko‘rib chiqilgan va sudlanuvchi ularning barchasida qatnashgan. Bruno allaqachon yura olmay qolgan va uni sud majlislariga nogironlik aravachasida xotini, ikki qizi va nabiralari hamrohligida olib kelishgan.

Urushdan so‘ng SS formasini nonvoy kiyimiga almashtirgan Bruno uzoq yillar tinch yashagan. 2011 yilga kelib Myunxenda fashistlarning Soribor «o‘lim lageri» sobiq qo‘riqchisi Ivan Demyanyukning sud ishidan so‘ng Germaniyada nafaqat lagerlarda odam o‘ldirish bilan shug‘ullanganlar, balki ularning yordamchilari va lagerlarda qo‘riqchilik qilganlar ustidan ham ish ochish kerakligi masalasi ko‘tariladi. Shundan so‘ng Shtuttgof lagerida qo‘riqchi bo‘lib xizmat qilgan Bruno ustidan ham ish ochiladi.

Hamburgdagi sudda tarixchi, Uchinchi Reyxdagi konslagerlar faoliyati tizimini o‘rganuvchi asosiy nemis mutaxassislaridan biri Shtefan Herdler qatnashadi. Tarixchi sud majlisida lagerlarning soqchilari ham tikanli sim ortidagi jinoyatlar va shafqatsizliklardan xabardor bo‘lganini ma'lum qiladi hamda arxivlardan dalillar keltiradi.

Sud ishida jami 79 sahifalik ayblov xulosasini ilgari surgan katta prokuror Lars Manke ayblanuvchiga uch yillik qamoq jazosi berilishini so‘raydi. Ayblov xulosasida Bruno qo‘riqchilik qilgan lagerda polyak va sovet asirlarining, ayollar, bolalar va keksalarning qanday tarzda yo‘q qilinganini to‘liq bilib va kuzatib turgani haqidagi dalillar keltirilgan. Advokatlar Brunoning to‘liq oqlanishni so‘rashdi.

Bruno Deya hukm e'lon qilinishidan bir kun oldin o‘zining so‘nggi so‘zida, lagerdagi barcha ishlardan xabardor bo‘lmaganini, barchasini urush tugagandan so‘ng bilganini aytadi va barcha mahbuslar, ularning qarindoshlaridan kechirim so‘raydi.

Nemis OAVda yozilishicha, bu sud ishi Germaniyada natsistlarning so‘nggi ommaviy sudi bo‘lishi mumkin. Ishga jalb qilinyotganlar juda keksayib qolgani tufayli yangi tafsilotlarni bilish tobora qiyin bo‘lib bormoqda. Ludvigsburgda joylashgan natsistlarning jinoyatlarini fosh qilish bo‘yicha markaziy idora ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda natsistlar jinoyatlari bo‘yicha Germaniya prokurorlari jami 14ta ish bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

Mavzuga oid
Top