21:54 / 26.07.2020
37412

Karantinni uzaytirish zarurati, shifokorlarni qayta tayyorlash va yo‘l qo‘yilgan xatolar - Habibullo Oqilov bilan suhbat

Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti rektori, Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi, professor Habibullo Oqilov bilan karantin cheklovlari muddati uzaytirilishi sabablari, pandemiyaga qarshi kurash bo‘yicha o‘tgan davrda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, qayta tayyorlanayotgan shifokorlar va boshqa mavzularda suhbatlashdik.

– Habibullo Ataullayevich, karantin cheklovlari muddatini uzaytirishga zarurat bor edimi? Aholi niqob taqishga, o‘zini ehtiyot qilishga ancha o‘rganib qolgan bir paytda, cheklovlarni yumshatish o‘zini oqlamasmidi?

– Zarurat shubhasiz bor edi! Bir narsani to‘g‘ri tushunib olaylik, karantin kasallikni davolamaydi. Bu chora virus tarqalishi keskin ko‘payib ketishining oldini oladi. Karantin paytida biz zanjirni uzishga harakat qilamiz. Mana masalan, shanba va yakshanba kunlari ko‘chalarda mashinalar deyarli yo‘q. Bu nimadan dalolat – odamlar ko‘chaga kam chiqishyapti, bir-birlari bilan kam uchrashishyapti va kasallik yuqishi uchun imkoniyat cheklanyapti.

Ikkinchidan, aynan mana shunday cheklovlar paytida tibbiyot tizimi bir o‘ziga kelib, nafas rostlab, kuch to‘plab oladi va yana kurashishda davom etadi.

To‘g‘ri, xalqimiz charchadi, uyda o‘tirib, daromadsiz qolib siqilayotganlar juda ko‘pchilik. Davlat rahbari ham, hukumat ham, biz ham buni juda yaxshi tushunib turibmiz. Lekin hozir bo‘shashtirib yuborish vaziyatni butkul izdan chiqishiga olib kelishi mumkin. Unda shifokorlarimiz ko‘pchilik bo‘lib safdan chiqa boshlaydi, joylar yetmay qoladi, eng og‘iri – kasallanish soni keskin oshib ketadi. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

– Shifokorlarni ishga jalb qilish bo‘yicha keng targ‘ibot olib borilmoqda. Ammo e'lon qilingan telefonlar yo ishlamayapti, yoki doimo band. Bog‘lanishning boshqa usullari ko‘rsatilmagani haqli e'tirozlarga sabab bo‘lyapti. Bu masala qanday yechim topadi?

– Balki ko‘rsatilgan raqamlarga ko‘p qo‘ng‘iroq bo‘layotgandir, balki texnik sababdir. Lekin men ishlash istagida bo‘layotgan shifokorlarga o‘zim faoliyat yurituvchi institut telefonini ham berishim mumkin – (71) 268-17-44 raqamiga qo‘ng‘iroq qilsinlar va yo‘l-yo‘riq olsinlar.

Qolaversa, ishlayman degan shifokorlar bo‘lsa, bevosita shifoxonalarning o‘ziga murojaat qilishlari mumkin. Masalan, Zangiotadagi maxsus klinikamizda shtab a'zolari muntazam ishlashmoqda. To‘g‘ridan to‘g‘ri borib uchrashishlari yoki (71) 207-99-84 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. Ular deyarli har kuni bizdan shifokorlar jo‘natishimizni so‘rashadi.

Poytaxt markazidagi «Ekspomarkaz» Toshkent shahar hokimligi homiyligida ishlayapti. U yerda ham shifokorlarga talab bor, uchrashib, hujjat topshirsa bo‘ladi. Mana, bugunning o‘zida (suhbat 25 iyulda yozib olingan) 2 mingga yaqin arizalar qabul qilindi. Biz bu shifokorlarni institutimizda qisqa muddat o‘qitamiz va tayyorlab, COVID-19'ga qarshi kurashuvchilar guruhiga qo‘shamiz.

Men ham fursatdan foydalanib shifokorlardan shunday murakkab kunlarda safimizga qo‘shilishlarini so‘rab qolaman.

– Boshqa soha shifokorlarini zudlik bilan qayta tayyorlash va COVID-19'ga qarshi kurashishga jalb qilish rejasi qanday amalga oshirilyapti?

– Biz bu masala bo‘yicha yanvar oyidan buyon ishlayapmiz. Eng muhimi, anesteziolog-reanimatologlarni qayta tayyorlashga e'tibor qaratilyapti. Bu kasallik tufayli og‘ir holatlarda qanday yo‘l tutish bo‘yicha aniq qo‘llanmalar yaratildi va ularni o‘qitdik. Hozir ham bu jarayon uzluksiz davom etmoqda. Ayni paytda ko‘proq pulmonolog, immunolog, anesteziolog-reanimatologlarni ko‘proq tayyorlayapmiz.

Bu sinov davrida o‘ziga xos tajribalar ham orttirdik. Masalan, axborot texnologiyalari degan gaplarga ko‘p ham jiddiy qaramasdik. Pandemiya davrida bu soha bizga qo‘l keldi va keng foydalanayapmiz.

Har kuni maxsus telemarkazda yetakchi mutaxassislar, professorlar, fan nomzodlari uch marta katta konsilium o‘tkazamiz va butun respublika bo‘ylab eng og‘ir bemorlarni onlayn tarzda birma-bir tahlil qilib chiqamiz.

Bundan tashqari, eng yetakchi davlatlar tajribasini ham har kuni uzluksiz o‘rganib boramiz. Ko‘plab institutlar bilan aloqalar o‘rnatilgan va har qanday yangilikni darhol muhokama qilamiz hamda lozim bo‘lsa, amaliyotga qo‘llaymiz.

Habibullo aka, siz nafaqat davolovchi shifokor, balki Sog‘liqni saqlash tizimi tashkilotchilaridan birisiz. Hozir 5 oy orqaga qaytish imkoni tug‘ilsa, birinchi navbatda nimalar qilgan bo‘lardingiz?

– Qiziq savol bo‘ldi-ku... Vaqtni orqaga qaytarish imkoni bo‘lganda, juda ko‘p narsa qilsa bo‘lardi. Savolingizni tushundim albatta, qanday xatolarga yo‘l qo‘ymasdingiz, demoqchisiz.

O‘tgan besh va hatto undan oldingi davr ham biz, ya'ni sog‘liqni saqlash tizimi hamda koronavirus o‘rtasidagi o‘ziga xos poyga davri bo‘ldi, desam xato bo‘lmas. Imkonim bo‘lganida, biz nisbatan orqada qolgan jihatlarimizni to‘g‘rilagan bo‘lardim. Ya'ni koykalar sonini yanada ko‘paytirardim, raqamli rentgenlar, pulsoksimetrlar, kislorod beruvchi moslamalarni katta miqdorda xarid qilish ustida ishlardim. Ayniqsa laboratoriya sohasi, PZR tizimlarni ko‘p joyda tashkillashtirib qo‘yardim.

O‘sha paytdayam davlat rahbarining o‘zlari ham, hukumatimiz ham bizdan qanday zarurat borligi haqida qayta-qayta so‘radilar. Ko‘p jihatdan tayyorgarlik ko‘rib ulgurgan bo‘lsak-da, ayrim oqsashlar baribir kuzatildi va bugun shu muammolarni yechish ustida ishlayapmiz.

– Jarrohlik amaliyotiga vaqtingiz bo‘lyaptimi? Xususan, tanasidan 11ta igna olib tashlangan bola holidan xabardormisiz?

– Haqiqiy jarroh hayotini operatsiyalarsiz tasavvur qilolmaydi. Karantin bo‘lgani bilan boshqa bemorlarning bunda aybi yo‘q. Vaqtni to‘g‘ri taqsimlashga harakat qilaman va hozirgi kunda tong saharda borib mo‘ljallangan operatsiyalarni qilib kelaman.

Bizning kafedramiz Respublika shoshilinch tez tibbiy ilmiy markazi bazasida joylashgan. Dastlab, karantin masalasida juda qattiq yondoshdik va bir bemor aniqlansa ham butun shifoxonani yopib qo‘ydik. Endi 750 o‘rinli shu markazdagi ovoragarchiliklarni, bemorlar holatini tasavvur qiling. Hozir boshqacha chora qo‘llayapmiz – kasallik aniqlangan bo‘limning o‘zini yopyapmiz va dezinfeksiya qilib ertasiga yana ishga tushirib yuboryapmiz.

Tanasidan ignalar olib tashlangan bolaga kelsak, 9 soat operatsiya qilganimiz va juda og‘ir ahvolda bo‘lgani uchun o‘zimning ham, shogirdlarimning ham u bolaga mehri tushgan, o‘z farzandimizdek bo‘lib qolgan. Hozir bolakay soppa-sog‘, ahvolidan muntazam xabardor bo‘lib turibmiz. Yaqinda ham suratlarini yuborishdi, ancha katta bo‘lib qolibdi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top