01:15 / 29.07.2020
25188

Lukashenkoning saylovdagi raqibi Qrim kimniki ekanligi haqidagi savolga javob qaytardi

Foto: Sputnik

Svetlana Tixanovskaya eri bir paytlar Rossiyada ishlagani uning rossiyaparast ekanligini anglatmasligini aytdi.

Belarus prezidentligiga nomzod Svetlana Tixanovskaya tanqidchilarning uning saylov kampaniyasidan "Rossiya izlari"ni topishga urinishlarini tushunmasligini aytdi.

Avvalroq videobloger Sergey Tixanovskiy Belarusda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovida qatnashishni rejalashtirgan, ammo markaziy saylov komissiyasi uning nomzodini ro‘yxatga olmagandi. Uning turmush o‘rtog‘i Svetlana saylovda o‘z nomzodi bilan ishtirok etishga qaror qildi va yetarli imzo to‘plab ro‘yxatga olindi. Tixanovskiy hozirda jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzish bo‘yicha jinoyat ishi doirasida tergov izolyatorida saqlanmoqda.

"Erimni yaxshi bilishimga ishonaman. Agarda kimdir bir paytlar Rossiyada ishlagan bo‘lsa, uni rossiyaparastlikda ayblash mumkin emas. Bizda hamma Rossiyada ishlaydi, pul topgani boradi", - dedi Tixanovskaya "Yevroradio" radiosi efirida.

U shuningdek, Qrim kimniki ekanligi to‘g‘risidagi savolga ham javob qaytardi.

"Bu juda og‘riqli savol. Bu savol odamlarni ayiradi va ular buni muhokama qilish chog‘ida bir-birlari bilan to‘qnashadi. Mamlakatimizda va xalqaro qonunlarda qabul qilinganidek, Qrim yuridik jihatdan Ukrainaniki, amaliy jihatdan esa Rossiyaniki desam bo‘ladimi? Meni boshqa qiynamang", - dedi Tixanovskaya.

Qrim 2014 yil martda bo‘lib o‘tgan referendumdan so‘ng Rossiya tarkibiga qo‘shilgan. Ukraina Qrimni o‘zining vaqtinchalik bosib olingan hududi deb hisoblaydi.

Tixanovskaya avvalroq mamlakat prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan birgalikda xalq va parlamentga murojaat qilmoqchi ekanligini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid
Top