21:24 / 29.07.2020
58396

Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan. U o‘z holati haqida xabar berdi (audio)

Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalindi. Kun.uz muxbiri Nurmat Satiniyazovich bilan bog‘landi va uning hozirgi holati haqida ma'lumot oldi.

«Assalomu alaykum. Haqiqatda laboratoriya tekshiruvlari natijasida menda COVID-19 kasalligi borligi aniqlandi. Albatta, 4 oydan ko‘proq vaqt davomida koronavirusga chalinganlar bilan bilib-bilmasdan muloqotda bo‘lish natijasida bu kasallikni yuqtirib olibman.

Lekin jiddiy klinik belgilar kuzatilmay turib, laboratoriya natijalariga asoslangan holda shifoxonaga yotdim. Hozir muolajalar qilinmoqda. Xudo xohlasa tez orada sog‘ayib, safga qaytaman va koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarda ishtirok eta boshlayman.

Bu kabi noqulayliklar yuzaga kelishi yaratganning amri va biz bunga hech narsa qila olmaymiz. Asosiysi, kasallikni yengib o‘tib, sevgan ishimizga qaytib, xalqimizga foydamiz tegishi bizning eng katta yutug‘imiz.  

Menga qayta-qayta murojaat qilib kasallanganim haqidagi xabar qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi to‘g‘risida so‘rab, qayg‘urgan jurnalist do‘stlarimizga aytar so‘zim – salomatligimga befarq emasliklaringiz meni juda quvontirdi. Barchangizga minnatdorchilik bildiraman, biz bir-birimizga o‘rganib qoldik, qisqa muddat ko‘rishmasak sog‘inadigan bo‘ldik. Bu Allohning bir sinovi. Tez orada uni yengib o‘tib siz bilan ko‘rishamiz degan umiddaman. Sog‘ bo‘linglar», deydi Nurmat Otabekov.

  • Eslatib o‘tamiz, Nurmat Otabekov 2020 yilning 23 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti tomonidan imzolangan «Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda fidoyilik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi farmonga ko‘ra, «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan.
Top