09:05 / 29.07.2020
13513

Qaysi hududlarda yalpi hududiy mahsulotning kamayishi kuzatilgani ma'lum bo‘ldi

Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan 2020 yilning yanvar-iyun oylari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha yalpi hududiy mahsulotni (YaHM) dastlabki baholash ishlari amalga oshirildi.

Foto: Getty Images

2020 yilning yanvar-iyun oylarida Andijon (5,0 foiz), Navoiy (4,3 foiz), Namangan (3,1 foiz) viloyatlarida yuqori o‘sish sur'atlari qayd etildi. 2019 yilning mos davri bilan taqqoslaganda, solishtirma narxlarda Samarqand (96,1 foiz), Sirdaryo (96,9 foiz), Qashqadaryo (97,9 foiz) viloyatlari va Toshkent shahrida (99,5 foiz) YaHMning kamayishi kuzatildi.

2020 yilning yanvar-iyun oylarida respublika bo‘yicha YaIMning shakllanishida Toshkent shahri 16,0 foiz ulush bilan eng katta hissa qo‘shdi. Toshkent viloyati 10,4 foiz va Navoiy viloyati 8,7 foiz ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarni egallab turibdi. Respublika YaIMni shakllantirishda eng kam ulush Sirdaryo (1,9 foiz), Jizzax (2,7 foiz), Xorazm (3,5 foiz) viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (3,5 foiz)ga to‘g‘ri kelmoqda.

2020 yilning yanvar-iyun oylarida qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligining YaHM tarkibidagi ulushi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Surxondaryo (49,2 foiz) va Jizzax (47,4 foiz) viloyatlarida, sanoatning eng yuqori ulushi Navoiy (73,1 foiz) va Toshkent (47,2 foiz) viloyatlarida, qurilishning eng yuqori ulushi Qoraqalpog‘iston Respublikasi (10,3 foiz) va Jizzax viloyatida (10,2 foiz), xizmatlar sohasining eng yuqori ulushi esa Toshkent shahrida (53,1 foiz) va Namangan viloyatida (38,8 foiz) kuzatildi.

Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligining YaHM tarkibidagi ulushi bo‘yicha eng kichik ko‘rsatkich Navoiy viloyati (12,1 foiz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (19,2 foiz), sanoatning eng kam ulushi Surxondaryo (8,3 foiz) va Jizzax (12,5 foiz) viloyatlarida, qurilishning eng kam ulushi Navoiy (4,0 foiz) va Toshkent (5,1 foiz) viloyatlarida, xizmatlar sohasining eng kam ulushi Navoiy (10,8 foiz) va Toshkent (23,8 foiz) viloyatlarida qayd etildi.

Top