11:47 / 29.07.2020
15223

Qozog‘istonda karantin yana 2 haftaga uzaytirildi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda ushbu davlat prezidentining rasmiy saytida xabar berilgan.

Foto: akorda.kz

Qayd etilishicha, bosh vazir Asqar Mamin prezidentga shu yil 5 iyuldan boshlab qattiq karantin choralari ko‘rilganidan keyin koronavirus bilan kasallanish holatlari soni 29 foizga kamayganligini ma'lum qildi

Kasallikka chalinganlar soni kuniga 1500-1600 kishi darajasida barqarorlashdi. Kasalxonalardagi yuklama 43 foizga, reanimatsiya bo‘limlarida 27 foizga kamaydi. Sog‘ayib ketganlar soni 63 foizga oshdi, tez yordam chaqiruvlari kamaydi. Shu tariqa, sog‘liqni saqlash tizimidagi yuklamaning asosiy ko‘rsatkichlari kamaytirildi.

Shuningdek, Asqar Mamin davlat rahbariga kasallanish va o‘lim holatlari, tibbiy yordamning mavjudligi va sifati, aholini testdan o‘tkazish ko‘rsatkichi, reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limlarini dori-darmon hamda zarur tibbiy uskunalar bilan ta'minlash kabi muhim jihatlar bo‘yicha hududlardagi vaziyat kunlik monitoring qilinayotganini xabar berdi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Tsoy prezidentga infratuzilma obektlarining epidemiologik vaziyat va iqtisodiyotga ta'sirini hisobga olgan holda, karantin tadbirlarini bosqichma-bosqich yumshatish uslublari to‘g‘risida xabardor qildi.

Davlat rahbari koronavirus infeksiyasidan kasallanish va o‘lim holatlari ko‘rsatkichini yanada kamaytirish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta'kidladi.

Iyul oyida joriy etilgan cheklov choralarining ijobiy ta'sirini yanada kuchaytirish maqsadida va Qozog‘iston hamda qo‘shni davlatlarda epidemiologik vaziyat murakkablashishi mumkinligini hisobga olgan holda, Qosim-Jomart To‘qayev davlat komissiyasiga karantin tadbirlarini ikki haftaga uzaytirish, so‘ngra bosqichma-bosqich yumshatish to‘g‘risida topshiriq berdi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top