00:10 / 29.07.2020
4169

Ukraina xitoylik sayyohlar uchun vizasiz tartib joriy qildi

Foto: FPV

Ukrainada xitoylik sayyohlar uchun vaqtincha vizasiz tartib joriy etildi. Bu haqda 28 iyul seshanba kuni prezident Vladimir Zelenskiy administratsiyasi saytida xabar qilindi.

Xitoy fuqarolariga Ukrainaga vizasiz kirib-chiqishni taqdim etayotgan farmon Kiyev va Pekin o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va ikki davlat o‘rtasida sayyohlik sohasida hamkorlikni kengaytirish maqsadida imzolangan.

Farmonda belgilanishicha, Ukrainaga sayohatga kelishni reja qilgan Xitoy fuqarolari bu mamlakatda olti oy mobaynida 30 kun qolishlari mumkin. Vizasiz rejim 2020 yil 1 avgustdan 2021 yil 31 yanvargacha amal qiladi.

Avvalroq Ukraina xuddi shu shartlar asosida Avstraliya, Bahrayn, Quvayt, Yangi Zelandiya, Ummon va Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etgandi. Bu davlat fuqarolari Ukrainada uch oy davomida qo‘shimcha hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazmasdan qolishlari mumkin. Agar chet elliklar ushbu muddatni uzaytirishni istasa, yana xalqaro chegarani kesib o‘tishga majbur bo‘ladi.

Top