18:10 / 30.07.2020
55371

Buxoroning sobiq va hozirgi hokimlari koronavirusga chalingan

Buxoro viloyatining sobiq hokimi, hozirda bosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan O‘ktam Barnoyev koronavirusga chalinib davolanmoqda. Shuningdek, Buxoro viloyatining hozirgi rahbari Karim Kamolovda ham koronavirus aniqlangan.

O‘zbekiston bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktam Barnoyevga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan va u ayni vaqtda shifoxonada davolanmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirov, Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zolari ishtirokida AOKAda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

«Tasdiqlay olamiz. Hozir bemor koronavirus bilan kasallangan», degan  Respublika ixtisoslashtirilgan Endokrionologiya  ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Anvar Alimov.

Hozircha u qachon va qaysi shifoxonaga yotqizilgani, uning hozirgi ahvoli haqida batafsil ma'lumot yo‘q.

Tadbirda shuningdek, Koronavirusga qarshi shtab a'zosi Habibulla Oqilov tomonidan Buxoro viloyatining hozirgi hokimi Karim Kamolov ham koronavirusdan davolanayotgani ma'lum qilingan.

«Hozirgi kunda Qoraqalpog‘istonda Musa Tajyetdinovich, shuningdek, Surxondaryo va Buxoro hokimlari davolanishda», degan u.

Kamalovning holati haqida ham hozircha qo‘shimcha ma'lumot berilmadi.

Eslatib o‘tamiz, shu vaqtgacha O‘zbekistonning ikki hududi rahbarlari - Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov va Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov koronavirusga chalinib, shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar qilingandi. To‘ra Bobolovning sog‘ligi tiklanmoqda, Musa Yerniyazov esa og‘ir ahvolda va u o‘pkaning sun'iy ventilyatsiya apparatiga ulangan.

  • 2016 yil fevralidan buyon Buxoro viloyatiga rahbarlik qilib kelgan O‘ktam Barnoyev 2020 yilning fevralida bosh vazirga o‘rinbosar bo‘lgandi. Uning o‘rniga 2017 yildan buyon Buxoro shahri hokimi sifatida ishlab kelgan Karim Kamolov viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top