09:02 / 30.07.2020
7980

JSST gidroksixloroxinning koronavirusni davolashda samarasiz ekanini ma'lum qildi  

Bezgakka qarshi dori vositasi – gidroksixloroxinning koronavirusni davolashdagi foydaliligi yirik tadqiqotlar bilan tasdiqlanmagan. Bu haqda 29 iyulda JSST vakili Maykl Rayan ma'lum qildi, deya xabar bermoqda “Izvestiya”.

Rayanning ta'kidlashicha, kichik tadqiqotlarda gidroksixloroxinni qo‘llashda muayyan ijobiy samara kuzatilgan bo‘lsa-da, biroq barcha yirik tadqiqotlar ushbu dori vositasi qo‘llanishidan ijobiy natija ko‘rsatmagan.

JSST vakilining aytishicha, gidroksixloroxin “koronavirusga chalingan bemorlar holatini yaxshilamagani” haqida ilmiy tasdig‘ini topgan ko‘plab tibbiy isbotlar bor.

Ushbu vositaning koronavirusga qarshi samarasiz ekanini AQShning bosh infeksionisti Entoni Fauchi ham tasdiqlagan. Shuningdek, AQShning sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vazirligi gidroksixloroxinning koronavirusni davolashdagi xavfidan ogohlantirgan.

Avvalroq O‘zbekiston Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi bo‘lim boshlig‘i Klara Yodgorova va immunolog-infeksionist Aziza Xo‘jayeva ham koronavirusni davolashda “Plakvenil” (gidroksixloroxin) dorisidan foydalanmaslik kerakligini aytgandi. O‘zbekistondagi so‘nggi davolash protokolidan ushbu preparat olib tashlangan.

Gidroksixloroxin bezgakka qarshi dori vositasi bo‘lib, undan ba'zi davlatlarda koronavirusni davolashda foydalanilgan. Iyunda JSST ushbu vositani koronavirusni davolashda dori sifatida qo‘llashni to‘xtatishga qaror qilgandi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top