07:42 / 01.08.2020
6286

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi yangi qaror loyihasi bo‘yicha xulosa berdi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi “Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi bo‘yicha qonun hujjatlarining raqobatga ta'sirini baholash yuzasidan xulosa berdi.

Loyiha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan taqdim etilgan. Unda pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish, sohaga ilg‘or zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, pochta aloqasi milliy operatorining faoliyati samaradorligini oshirish nazarda tutilgan.

Qaror loyihasining 2-bandida 2022 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida pochta aloqasi xizmatlarini litsenziyalash tartibi joriy etilishi ko‘rsatilgan. 

Qaror loyihasining 6-bandida 2024 yilning 1 yanvarigacha bo‘lgan davrda Milliy operator – “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati: 

asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni to‘lashdan; 

belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha Milliy operator infratuzilmasini modernizatsiya qilish doirasida chetdan olib kiriladigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan texnik va texnologik uskunalar, butlovchi va ehtiyot qismlar, dasturiy ta'minot hamda transport vositalari bojxona to‘lovlarini (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod qilinishi nazarda tutilgan. 

Qaror loyihasining 7-bandida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Milliy operatorga aholiga universal xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etish, yangi turdagi pochta aloqasi bo‘limlari, logistika markazlari qurish uchun joylashgan o‘rni va maydoniga doir so‘rovlariga muvofiq beg‘araz asosda yer uchastkalari ajratilishi ta'minlanishi belgilangan. 

Bildirilishicha, qaror loyihasining 2-bandida 2022 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida pochta aloqasi xizmatlarini litsenziyalash tartibi joriy etilishi ko‘rsatilgan. 

Prezidentning “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 11 apreldagi PF-5409-son farmoniga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari borasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari etib: 

  • litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tishning soddalashtirilgan mexanizmlarini belgilash, shaffoflikni ta'minlash, biznes bilan o‘zaro munosabatlarda huquqiy aniqlikni mustahkamlash va davlat organlari tomonidan asossiz ma'muriy nazoratni bekor qilish orqali litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari sohasidagi qonunchilikni jadal takomillashtirish; 
  • litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari sonini bosqichma-bosqich qisqartirish, jamoatchilik nazorati, o‘zini o‘zi tartibga solish, sertifikatlash, akkreditatsiyalash, fuqarolik huquqiy javobgarlikni sug‘urtalash, texnik tartibga solish va boshqa zamonaviy usullar orqali tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning muqobil usullaridan keng foydalanish belgilangan. 

Mazkur Farmonga asosan tadbirkorlik faoliyati sohasidagi 69 ta litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat berish tartib-taomillarining ayrim turlarini, shu jumladan, ularning ba'zi turlarini birlashtirish yo‘li bilan bekor qilingan (35 tasi bekor qilingan va 34 tasi birlashtirish yo‘li bilan bekor qilingan). 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi Qonunining 7-moddasida faoliyatning litsenziyalanadigan turlari jumlasiga amalga oshirilishi fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan hamda tartibga solib turilishi litsenziyalashdan tashqari usullar bilan amalga oshirilishi mumkin bo‘lmagan faoliyat turlari kirishi belgilangan.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi hududida pochta aloqasi xizmatlarini litsenziyalash tartibini joriy etilishi pochta aloqasi sohasida davlat tomonidan nazoratini (tartibga solinishini) yanada kuchaytirilishiga va natijasida ushbu sohani rivojlanishiga va normal faoliyat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qiladi. 

Shunga ko‘ra, pochta aloqasi faoliyati bilan shug‘ullanish uchun tadbirkorlik sub'yektlariga yengillik yaratish maqsadida, ushbu faoliyat turini amalga oshirish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan holda (guvohnoma asosida) faoliyat ko‘rsatishi maqsadga muvofiq hisoblanadi, deyiladi ma'lumotda. 

Qaror loyihasining 6-bandida 2024 yilning 1 yanvarigacha bo‘lgan davrda Milliy operator – “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati: 

  • asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni to‘lashdan; 
  • belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha Milliy operator infratuzilmasini modernizatsiya qilish doirasida chetdan olib kiriladigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan texnik va texnologik uskunalar, butlovchi va ehtiyot qismlar, dasturiy ta'minot hamda transport vositalari bojxona to‘lovlarini (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod qilinishi nazarda tutilgan. 

Prezidentning 2018 yil 31 maydagi “Imtiyozlar va preferensiyalar berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3756-son qarorida soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar qonunlar va prezident hujjatlari bilan: 

  • umuman tarmoqlar, faoliyat sohalari, hududlar uchun berilishi, shuningdek, aniq maqsadga ega bo‘lishi hamda aniq ijtimoiy, iqtisodiy va moliyaviy natijalarga erishishni ta'minlashi zarurligi; 
  • vaqtinchalik imtiyozlar prezident hujjatlari bilan 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga berilishi; 
  • individual imtiyozlar, alohida hollarda, xususiy sektor investitsiya kiritishdan manfaatdor bo‘lmagan tarmoqlarda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun, aniq ijtimoiy yoki iqtisodiy asoslar mavjud bo‘lganda yoxud O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, prezident hujjatlari bilan berilishi belgilangan. 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasiga muvofiq, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining ayrim xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklarni asossiz ravishda berishi taqiqlangan. Shunga asosan, qaror loyihasining 6-bandini chiqarib tashlash lozim bo‘ladi, deyilgan xulosada.

Qaror loyihasining 7-bandida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Milliy operatorga aholiga universal xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etish, yangi turdagi pochta aloqasi bo‘limlari, logistika markazlari qurish uchun joylashgan o‘rni va maydoniga doir so‘rovlariga muvofiq beg‘araz asosda yer uchastkalari ajratilishi ta'minlanishi belgilangan. 

Prezidentning “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish,tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida”gi 2019 yil 13 avgustdagi PF-5780-son farmonining 10-bandi a)-kichik bandiga ko‘ra, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh yer uchastkalari respublikaning barcha hududlarida faqat «E-IJRO AUKSION» savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali berilishi belgilangan.

Shunga ko‘ra, qaror loyihasining 7-bandini qayta ko‘rib chiqish va yer uchastkalari ajratilishida aniq investitsiya majburiyatlari sifatida aholiga universal xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etish, yangi turdagi pochta aloqasi bo‘limlari, logistika markazlari barpo etishni nazarda tutgan holda “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali berilishi lozim bo‘ladi. 

“Yuqoridagilardan kelib chiqib, pochta aloqasi xizmatlar faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun tadbirkorlik sub'yektlariga qo‘shimcha cheklovlarning joriy etilishi va raqobatning cheklanishi oldini olish hamda normal faoliyat ko‘rsatishiga qulay va teng sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston prezidentining “Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasini yuqoridagi takliflar va e'tirozlarni inobatga olgan holda qabul qilish maqsadga muvofiq hisoblanadi”, - deya yakunlanadi qo‘mita xulosasi.

Top