21:10 / 01.08.2020
83788

Rossiya COVID-19 vaksinasi sinovlari muvaffaqiyatli tugaganini e'lon qildi. Emlash oktabr oyida boshlanishi mumkin

Rossiyada koronavirusdan himoyalovchi ilk vaksina ustidagi klinik sinovlar nihoyasiga yetdi, deb ma'lum qildi mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaksina tez orada ro‘yxatga olinadi va shundan so‘ng, oktabr oyidan boshlab ommaviy emlash tadbirlarini boshlash rejalashtirilgan.

Foto: REUTERS / Dado Ruvic

Vaksina N.F.Gamaleya nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya milliy tadqiqot markazi olimlari tomonidan ishlab chiqilgan.

«Gamaleya instituti tomonidan ishlab chiqilgan koronavirusdan ilk vaksina bo‘yicha klinik sinovlar yakunlandi. Hozirda ro‘yxatga olish jarayonlari uchun hujjatlar tayyorlanmoqda. Yana bir vaksina ustida klinik tadqiqotlar ketmoqda, kelgusi bir yarim – ikki oy ichida klinik tadqiqotlar o‘tkazish uchun ruxsat berilishini so‘rab yana kamida ikkita ariza kelib tushishini kutyapmiz», – degan Murashkoning so‘zlarini keltirmoqda RIA Novosti.

Vazirning qayd etishicha, Rossiyada koronavirusdan ommaviy emlash tadbirlari oktabr oyidan boshlanishi mumkin, ammo birinchi navbatda aholining alohida toifalari – shifokorlar, o‘qituvchilar va muntazam ravishda ko‘plab odamlar bilan kontaktda bo‘ladigan kishilar qamrab olinadi.

Avvalroq rasmiylar vaksinatsiya bepul bo‘lishini aytishgan.

BBC'ning yozishicha, Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksina topish ustidagi izlanishlari muvaffaqiyatli bo‘layotganiga AQSh va Yevropada shubha bilan qaralmoqda. Rus vaksinasiga nisbatan skeptik yondashuv nafaqat OAV, balki sog‘liqni saqlash sohasi ekspertlari tomonidan ham bildirilmoqda.

Rossiyadagi klinik sinovlar koronavirusdan vaksinani kim birinchi yaratishi yo‘lidagi boshqa davlatlar bilan poyga tufayli qoidalarni buzgan holda o‘tkazilgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Rossiya vaksina ustidagi sinovlar bo‘yicha ilmiy dalillarni ochiqlamagan, shu boisdan yuqoridagi gumonlarni tekshirish imkoni yo‘q.

Juma kuni AQSh Kongressidagi eshituvlarda mamlakatning bosh infeksionisti Entoni Fauchi Rossiya va Xitoydagi vaksinalar bo‘yicha fikr bildirar ekan, klinik sinovlar bu qadar tez yakunlanganidan kelib chiqib, ular barcha qoidalarga muvofiq ravishda o‘tkazilganiga shubha bildirgan edi.

Qo‘shimcha qilish joiz, Rossiya prezidenti Vladimir Putin aprel oyida koronavirus profilaktikasiga oid klinik va unga qadar bo‘lgan sinovlar hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni soddalashtirish va muddatini qisqartirish bo‘yicha topshiriq bergan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu vaksina Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, harbiy idora iyul oyi boshidayoq vaksina Burdenko nomidagi harbiy gospitalda, ko‘ngilli harbiylarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tganini e'lon qilgan edi.

Mavzuga oid
Top