08:16 / 02.08.2020
2998

Facebook Braziliya prezidenti tarafdorlarining sahifalarini bloklashga majburlandi

Facebook Braziliya prezidenti Jair Bolsonaruning 12 nafar asosiy tarafdorlarining sahifalarini bloklashga majbur bo‘ldi. Ushbu odamlar sudyalar haqida yolg‘on xabarlarni tarqatishda ayblangan. 

May oyida Braziliya sudi feysbukdagi 12 ta va tvitterdagi 16 ta profilni bloklash haqida qaror chiqargan. 

Sahifalari bloklangan kishilar orasida Braziliya prezidenti partiyasi rahbari Robertu Jyefferson va braziliyalik taniqli tadbirkor Lusianu Xang bor.

Avvalroq Facebook sudning ushbu qarorini bajarishdan bosh tortgan. Kompaniya rahbariyati buni so‘z erkinligiga tahdid deb atagan va u bo‘yicha sudga shikoyat qilishini aytgan.

31 iyulda Braziliya oliy sudi Facebook’ni ko‘rsatilgan sahifalarni butun dunyo bo‘ylab bloklashdan bosh tortayotgani uchun jarimaga tortgan. Hozirda ushbu sahifalarga Braziliyadagina kirish to‘silgan. Facebook’ga solingan jarima 1,92 mln realni (367 ming dollar atrofida) tashkil qilgan. Ta'kidlanishicha, jarima miqdori qarorni bajarmaganlik uchun har kuni 100 ming realga oshib boradi.

Hozircha Twitter’ning Bolsonaru tarafdorlari sahifalarini bloklagani yoki yo‘qligi haqida ma'lumot yo‘q.

Facebook iyulda Braziliyada feysbuk va instagramda bir necha o‘nlab sahifalarni bloklab qo‘ygandi. Kompaniya buni akkauntlar egalari soxta nomlardan foydalanib, o‘zlarini jurnalistlar va OAV vakillari qilib ko‘rsatgani bilan tushuntirgan. Ta'kidlanishicha, go‘yoki bu sahifalar Bolsonaru ma'muriyati xodimlari, uning o‘g‘illari Eduardu va Flaviu bilan bog‘liq bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top