15:42 / 02.08.2020
15816

 «Yo hozir, yo hech qachon» –  96 yoshda universitetni tugatgan talaba bundan keyin ham to‘xtamoqchi emas

Foto: Reuters

Reuters yaqindagina Italiyaning eng qadimgi Palermo universitetini 96 yoshda tamomlagan Juzeppe Paterno bilan suhbatlashib, u ko‘rgan qiyinchiliklar, o‘qishni qay darajada yaxshi ko‘rishi va keyingi maqsadlari haqida hikoya tayyorladi. Juzeppe ilmni inson hamisha o‘zi bilan olib yurishi mumkin bo‘lgan jomadonga o‘xshatadi.

96 yoshli Juzeppe Paterno hayoti davomida ko‘plab sinovlarni boshidan o‘tkazgan: dastlab, bolalikdagi ochlik, keyin urush va hozir davom etayotgan pandemiya. Yaqinda esa Juzeppe Italiyaning eng qadimgi universitetining bitirish imtihonlarini topshirdi.

Bu hafta sobiq temiryo‘lchi Paterno oliy ma'lumot diplomi va bitiruvchilarga an'anaviy ravishda taqdim etiladigan gulchambarga ega bo‘ldi. Juzeppeni butun oilasi, ustozlari va o‘zidan 70 yosh kichik kursdoshlari olqishladi, tabrikladi.

Eng qadimgi universitetning eng katta yoshli bitiruvchisi

Juzeppedan universitetni bu qadar kech bitirayotganda qanday tuyg‘ularni his qilganini so‘rashganda u «Men ham xuddi boshqalar kabi normal insonman», deya javob bergan.

Azaldan kitoblarni juda yaxshi ko‘rgan, lekin ta'lim olishga imkoni bo‘lmagan Paterno 90 yoshdan o‘tganda Italiyaning qadimgi Palermo universitetiga tarix va falsafa fakultetiga o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘ladi.

«2017 yil men o‘z-o‘zimga yoki hozir yoki hech qachon dedim va o‘qishga kirdim. 3 yillik oliy ma'lumotni olishga biroz kech bo‘lganini tushunganman, lekin «Qani ko‘ray-chi, eplay olarmikinmin», dedim-da harakatni boshladim», deya xotirlaydi Paterno.

Chorshanba kuni u universitetni yuqori natijalar bilan tugatdi va universitet kansleri Fabritsio Mikarining tabriklarini ham qabul qilib oldi.

Qiyinchilikdan iborat uzoq yillarda

Juzeppe Sitsiliyadagi kambag‘al oilada ulg‘ayadi. Uning bolalik yillari buyuk inqiroz davriga to‘g‘ri kelgan edi. Shuning uchun bolaligida faqatgina boshlang‘ich ta'lim olishga imkoni bo‘lgan xolos. Juzeppe ulg‘aygach, armiyaga xizmatga boradi va ikkinchi jahon urushida ishtirok etadi. So‘ng oila quradi va 2 farzandni tarbiyalaydi.

Urushdan keyingi tiklanish yillarida Juzeppe uchun oila asosiy ahamiyat kasb etgan, biroq hamisha ta'limga qiziqqani tufayli 31 yoshida o‘rta maktabni tugatishga mufavvaq bo‘lgan. Juzeppe o‘shanda ta'limni davom ettirishni juda xohlagan.

«Ilmni xuddi o‘zim bilan doim olib yurishim mumkin bo‘lgan sehrli jomadonga o‘xshataman», deydi u.

Noodatiy talaba

Juzeppe bitirish imtihoni uchun inshoni 1984 yilda temir yo‘ldagi ishidan nafaqaga chiqqanda onasi sovg‘a qilgan mashinkada terdi. U Google`ning turli xildagi kitoblaridan foydalangani yo‘q, 20 yashar kursdoshlari uyushtirgan talabalar bazmlariga ham qiziqish bildirmagan.

Sotsiologiya fanlari professori Franchesko Ruzetto Juzeppe Paterno haqida u boshqa yosh talabalar uchun namuna, deb ta'kidlaydi.

«Birgina kasallik meni to‘xtata olmadi...»

96 yoshli bitiruvchiga koronavirus cheklovlari davrida darslarning video tarzda o‘tilgani biroz noqulaylik tug‘dirgan: «Biroq bu kasallik men urush va undan keyingi davrlarda boshimdan kechirganlarning oldida hech narsa emas edi. Bundan keyin ham to‘xtab qolish niyatim yo‘q. Men endi o‘zimni yozishga bag‘ishlamoqchiman, bu mening asosiy maqsadim», deydi Italiyaning eng qadimiy universitetining eng katta yoshli bitiruvchisi.

Top