21:24 / 03.08.2020
82406

Koronavirusdan vafot etgan bemorlarning hammasi ham statistikaga kiritilmayotganiga izoh berildi

Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Habibullo Oqilov koronavirus tufayli vafot etayotgan bemorlarning hammasi ham rasmiy statistikaga kiritilmayotgani yuzasidan izoh berdi.

Foto: KUN.UZ

«Bizda haqiqatan ham statistikada va real hayotda koronavirusdan vafot etayotganlar soni o‘rtasida tafovut bor.

Sababi – birmuncha vaqt oldin koronavirus tasdiqlangani to‘g‘risida test tahlili yo‘q bemorlarni koronavirus uchun mo‘ljallangan statsionar sharoitda emas, oddiy statsionarda davolar edik. Hozir esa agar klinik tashxis qo‘yilsa, tahlil natijasini kutmasdan koronavirus alomati mavjud bemorni statsionar yoki uy sharoitida davolashni boshlashga buyrug‘imiz bor va ular uchun ham koronavirusga mo‘ljallangan muolajalardan foydalaniladi.

Biroq, afsuski, uyida davolanishga harakat qilib, test tahlilisiz og‘ir ahvolda olib kelingan bemorlar 1-2 kun ichida vafot etadigan, ulardan klinikada tahlil olinib, tasdiqlanmaydigan bo‘lsa, ular koronavirus statistikasiga kiritilmaydi, pnevmoniya tufayli vafot etgan hisoblanadi. Shuning uchun tafovut kuzatilmoqda», – dedi Habibullo Oqilov 3 avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq shtab a'zolari tomonidan Maxsus komissiyaga taklif kiritilgani, unda koronavirus tasdiqlanmagan, ammo o‘xshash alomatlardan vafot etganlarni ham rasmiy statistikaga kiritish maqsadga muvofiqligi aytilgani haqida xabar berilgandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top