18:50 / 03.08.2020
7943

Zoyir Mirzayev Mirishkor tumanida «temir daftar»ga kiritilgan muhtoj oilalar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqishni buyurdi

Mirishkor tumanidagi «temir daftar»ga kiritilgan 880 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi hisobidan Qurbon hayiti munosabati bilan bir martalik pul mablag‘lari tarqatilgan edi.

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar ro‘yxatini qaytadan ko‘rib chiqish bo‘yicha tuman hokimligiga topshiriq bergan. Bu haqda Mirishkor tuman hokimligi axborot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qilmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, tumandagi ayrim hududlarda bir qator fuqarolar mazkur ro‘yxatga kirmagani, bir martalik yordam olmagani yuzasidan qilgan shikoyati bunga sabab bo‘lgan.

2 avgust kuni Mirishkor tumanida bo‘lgan viloyat hokimi ijtimoiy kam ta'minlangan oilalar ro‘yxati yuzasidan tanqidiy munosabat bildirgan, mahalla raislariga ro‘yxat haqqoniy bo‘lishi lozimligini uqtirgan. Barcha sektor va mahallalarda shtablar tuzilib, sektor rahbarlari o‘zlarining shtab a'zolari va mahalla raislari bilan birga har bir mahalla kesimida «temir daftar»ga kiritilgan muhtoj oilalarning haqqoniy ro‘yxatini yana bir bor qayta ko‘rib chiqishi shartligini aytgan.

Tuman hokimligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, bir kun ichida mazkur ro‘yxat qaytadan ko‘rib chiqilib yana bir necha oilalar qo‘shimcha qilingan. Ish bilan ta'minlangan bir qator fuqarolar esa mazkur ro‘yxatdan chiqarilgan.

Mavzuga oid
Top