14:14 / 04.08.2020
9289

«1003 koll-markaziga eng ko‘p qo‘ng‘iroq mart-aprel oylarida bo‘lgandi» - SSV vakili

Bugungi suhbatdoshimiz – Sog‘liqni saqlash vazirligi davlat xususiy sheriklik va tibbiy turizmni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i, COVID-19 shtabi a'zosi, koll-markazlarga fuqarolar murojaatlari bo‘yicha mas'ul Kamolxo‘ja Eshnazarov.

Kamolxo‘ja Eshnazarov

Kamolxo‘ja Eshnazarov – tibbiyot buyicha falsafa doktori (MD. PhD). Germaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Isroil, Belgiya, Xitoy, Rossiya kabi davlatlarda tibbiyot tizimini tashkillashtirish va boshqaruvni takomillashtirish bo‘yicha malaka oshirgan.

2020 yilning 15 apreldan 15 iyun sanasigacha Yuqori Chirchiq tumani O‘rtasaroy karantin hududida tibbiy masalalar bo‘yicha mas'ul bo‘lib ishlagan. Koronavirusga qarshi kurashish shtabida Koreya universiteti bilan doimiy hamkorlik o‘rnatgan.

– Kamolxo‘ja Eshnazarovich, koronavirus pandemiyasi koll-markazlar naqadar ahamiyatli ekanini ko‘rsatdi. Bu vaziyatda bunday markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish g‘oyasi qanday tug‘ilgan edi?

– O‘zbekiston Respublikasida koronavirus bilan kasallanish aniqlangan birinchi kunlardanoq Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan fuqarolar murojaatlariga javob beruvchi koll-markaz hamda tezkor shtabi tashkil etilgan edi.

Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 16 martdagi 70-son «Koronavirus infeksiyasini O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelishi va tarqalishini oldini olish hamda epidemik vaziyatni barqarorligini ta'minlash yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risida»gi buyrug‘iga asosan, vazirlikning COVID-19 masalalari bo‘yicha fuqarolar murojaatlariga javob berish maqsadida 1003 koll-markazi tashkil etilgan. Ushbu markaz poytaxtning Shayxontohur tumanida joylashtirilgan va unda 170 nafar shifokor-operator, 15 nafar rahbar xodim 6ta guruhga bo‘linib, navbat asosida faoliyat yuritishi yo‘lga qo‘yilgan.

– Ammo ming afsuski, tashkil etilgan bu markazlar o‘ziga xos inqiroz davrida pand berdi va ulgurmay qoldi.

– Pand berdi, demagan bo‘lardim, lekin ma'lum kunlarda ulgurmay qolgani rost. Buning ham obektiv sabablari bor – har qanday tizim ma'lum darajadagi yuklamaga moslashtiriladi. Uni birdaniga amalda bo‘lmagan juda katta yuklamaga moslab saqlab turib bo‘lmaydi. Ma'lum kunlar ulgurmay qolingani tan olingani holda darhol bu muammoni bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Jumladan, fuqarolar tomonidan tushayotgan murojaatlar sonining ortishi hamda Koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 7 iyuldagi 33-son qarori ijrosini ta'minlash maqsadida, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 11 iyuldagi 180-son «Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi qoshida Situatsion aloqa markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi buyrug‘iga asosan, faoliyat yuritayotgan 1003 koll-markazidagi xodimlar soni 270 nafarga oshirildi.

Bundan tashqari, Toshkent shahri aholisidan tushayotgan murojaatlarning soni yuqori ekani hisobga olinib, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda 2020 yilning 13 iyul sanasidan boshlab, COVID-19 masalalari bo‘yicha fuqarolar murojatlariga javob berish uchun Toshkent shahar Yoshlar ittifoqi binosida 1105 koll-markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu markazda sutka davomida 120 nafar xodim navbat asosida ishlashi tashkil etilib, jami 240 nafar xodim safarbar qilingan. Bugungi kunda COVID-19 masalalari bo‘yicha fuqarolar murojaatlariga javob berish uchun tashkil etilgan koll-markazlarida jami 510 nafar oliy tibbiy ma'lumotga ega tibbiyot oliy o‘quv yurtlari, tibbiyot kollejlari professor-o‘qituvchilari hamda malakali mutaxassislar jalb qilingan.

– Koll-markazlar faoliyatiga oid, koronavirus dastlab qayd etilganidan boshlab shu kungacha bo‘lgan davrning sarhisobi bormi? Deylik, murojaatlar mazmuni qay darajada o‘zgarmoqda?

– O‘tgan besh oyga yaqin davr mobaynida 1003 koll-markaziga fuqarolar tomonidan jami 816 437ta murojaat kelib tushgan (suhbat 1 avgust kuni yozib olingan), shundan mart oyida 267 258ta, aprel oyida 253 773ta, may oyida 108 148ta, iyul oyida 66 061ta va iyul oyida 121 197tani tashkil etgan.

Iyul oyida Toshkent shahri uchun tashkil etilgan yangi 1105 koll-markazi tomonidan 2020 yilning 1 avgust sanasigacha 76 894ta murojaatlarga javob berilgan.

Toshkent shahri aholisi tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarning ko‘pligi hamda aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida 2020 yilning 13 iyul sanasida Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi qoshida Situatsion aloqa markazi va har bir tibbiyot muassasalarida aloqa liniyalari tashkil etildi. Ushbu Situatsion aloqa markazi 1003 hamda 1105 koll-markazlariga fuqarolar tomonidan bo‘layotgan murojaatlar asosida hududlardagi poliklinikalarda tashkil etilgan mobil guruhlar bilan hamkorlikda koronavirus bilan kasallangan bemorlarni erta aniqlash, ularning holatini baholash va zarur hollarda stotsionar davolash uchun tibbiyot muassasalariga yo‘naltirish bilan shug‘ullanmoqda.

Bugungi kungacha Situatsion aloqa markazi tomonidan 2 880 holat bo‘yicha fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatildi.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar aholisi uchun COVID-19 masalalari bo‘yicha fuqarolar murojaatlariga javob berish koll-markazlari hamda Situatsion aloqa markazlari tashkil etildi. Bu markazlarda har bir tuman va har bir hudud uchun mas'ul shaxslar tayinlanib, aloqa liniyalari tashkil etildi. Ular bevosita fuqarolarga amaliy yordam berish uchun poliklinika, QOP va QVPlaridagi mobil guruhlar bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi.

Albatta, pandemiyaning respublikamizga kirib kelgan sanadan to bugungi kungacha davrda koll-markazlarga fuqarolar tomonidan bo‘layotgan murojaatlarning ham mazmuni o‘zgarib bormoqda. Koronavirus aniqlanishining erta davrlarida asosan kasallikning oldini olish choralari, profilaktikasi va karantin tadbirlari xususida savollar ko‘proq tushgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, kasallikning klinik belgilari, kasallikning kechishi va davolash hamda reabilitatsiya masalalarida ko‘proq savollar kelib tushmoqda.

Va albatta, bugun fuqarolarimiz tomonidan ikkita savol: PZR testini topshirish va shifoxonada davolanish imkoniyati bo‘yicha berilayotgan savollar eng ko‘p berilmoqda.

– Sohangiz va tizimning so‘nggi kunlardagi eng ko‘zga ko‘rinarli ishlarini sanab bera olasizmi?

– Hozir tibbiyotimiz shu darajada mas'uliyat ostidaki, nima bilandir maqtanishga hali erta. Ammo ayrim jihatlarni e'tirof etsa bo‘ladi. Koll-markazlar ishi hozir butun respublika bo‘yicha tashkil etilgani va buning ortidan 1003 xizmatining ishi yengillashgani to‘g‘risida yuqorida aytdik.

Yana asosiy 3ta yutuqni sanab o‘tish mumkin:

  1. Tez yordam 103 faoliyati qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, maromiga keltirilmoqda.
  2. Poliklinikalarda 24 soat ish tashkil qilindi va bu ham vaziyatni izga tushirish uchun o‘z natijalarini berdi.
  3. Mobil guruhlar ish boshlagani o‘ziga xos inqiroz davrida eng katta yordam bo‘ldi.

Ammo yurtdoshlarimiz o‘z sog‘lig‘iga jiddiy qaramasalar, ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘ysalar, bu harakatlarning hammasi befoyda bo‘lib qolishi mumkin. Shuning uchun imkoniyatdan foydalanib hurmatli fuqarolarimizga murojaat qilmoqchiman – koronavirus infeksiyasi va COVID-19 masalalari bo‘yicha 1003 koll-markaziga hamda hududlar bo‘yicha tashkil etilgan tezkor aloqa liniyalariga murojaat qiling.

Koronavirus infeksiyasining tarqalishining oldini olish va avvalambor yuqtirib olishda saqlanish uchun uyda qoling. Oilangiz va yaqinlaringizni bu kasallikdan himoya qiling.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top