14:45 / 04.08.2020
5840

Nogironlik aravachasini olish tartibi haqida ma'lumot berildi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda fuqarolardan kelib tushgan savollarga javob berdi.

Murojaatlardan birida fuqaro kam ta'minlangan oiladan ekani, baxsiz hodisa tufayli nogiron bo‘lib qolgani, hozirda nogironlik aravachasiga muhtojligi, nogironlik aravachasini olish uchun kimga murojaat qilishi kerakligi haqida so‘ragan.

«O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2016 yil 22 fevraldagi «Aholining hojatmand qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-4782-sonli farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 1 iyuldagi «Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga, nogironlikni va kasbiy mehnatga layoqat yo‘qotilishi darajasini aniqlashga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 195-sonli qaroriga muvofiq, nogironligi aniqlangan fuqarolar o‘z hududidagi oilaviy poliklinikada ro‘yxatga olinadi hamda fuqaroga nogironlik haqida tibbiy xulosa beriladi.

Siz mazkur tibbiy xulosa va boshqa zarur hujjatlarni ilova qilgan holda o‘z hududingizdagi fuqarolar yig‘iniga nogironlik aravachasi olish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilishingiz kerak. Fuqarolar yig‘ini raisi siz tomoningizdan topshirilgan hujjatlarni tegishli tartibda o‘rganib chiqqach, sizga nogironlik aravachasi ajratish bo‘yicha sektor rahbari yoki tuman (shahar) hokimligiga murojaat qiladi. Shu tariqa siz kam ta'minlangan oilalarda yashovchi nogironligi bor fuqarolar uchun ajratiladigan nogironlik aravachalari va boshqa kerakli vositalarini olish uchun belgilangan tartibda navbatga qo‘yilasiz.

Shuningdek, sizga homiylarning shaxsiy tashabbusi orqali ham navbatsiz nogironlik aravachasi ajratilishi mumki», deya javob bergan vazirlik mutbuot kotibi.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil mamlakatimizdagi 2 250 nafar nogironligi bor xotin-qizlarga nogironlik aravachasi berilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur maqsadlar uchun Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 3 mlrd 600 mln so‘m ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid
Top