11:32 / 04.08.2020
3783

«Pik vaqtida tizim hech qachon tayyor bo‘lmaydi» – vazir o‘rinbosari «Tez yordam» tizimidagi yuklama haqida

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov «Tez yordam» tizimida kuzatilgan murojaatlarga o‘z vaqtida javob bermaslik holatlari bo‘yicha izoh berdi.

U «pik» vaqtida «1003»ga murojaatlar hajmi 3 baravarga oshganini ta'kidlagan.

«15 iyul kuni «Tez yordam»ga 10 ming 650ta murojaat bo‘lgan. 19 iyul kuni esa murojaatlar soni 30 mingtaga yetdi. «Tez yordam» tizimida 40 nafar operator ishlagan bo‘lsa, ularning soni 100taga yetkazildi.

«Pik» vaqtida tizim hech qachon tayyor bo‘lmaydi. Chunki buning xarajati juda yuqori. Murojaatlarning 3 baravar o‘sib ketganini inobatga olib, tizimni uch baravarga oshirsak, budjet buni doimiy ko‘tara olmaydi. Xarajati juda katta, qoplay olmaymiz. 100 nafar odam va 100ta kompyuter doim tayyor turishi ilojsiz narsa.

Ammo yordam berish istagida bo‘lgan volontyorlar, operativ ishlaydigan tashkilotlar ko‘p chiqdi. Mobil brigadalarning tashkil etilishi ham «Tez yordam» tizimiga tushayotgan yuklamani kamaytirdi. Hozirda «Tez yordam»ga kunlik murojaatlar 5 ming atrofida, bu ko‘rsatkich yana tushishi kutilmoqda», dedi vazir o‘rinbosari 3 avgustdagi matbuot anjumanida.

Top