11:42 / 05.08.2020
3457

Bank faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi NHH bitta hujjatga birlashtirildi

Markaziy bank boshqaruvi Bank faoliyatiga ruxsat berish tartibi va shartlari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi.

Markaziy bankning litsenziyalash va ruxsat berish tartiboti departamenti boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Yo‘ldoshev qabul qilingan hujjatni sharhlab berdi, deb yozadi Norma
 
Nizom bank faoliyati sohasidagi ruxsat berish va litsenziyalash tartib-taomillarini yangi tahrirdagi «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida» hamda «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunlarning talablariga muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan. Hujjat mazkur sohani tartibga soladigan bir nechta normativ-huquqiy hujjatlarni maqbullashtirgan va o‘zida mujassamlashtirgan.
 
Nizomda quyidagi masalalar tartibga solingan:

banklarni tashkil etish va bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani olish;

bank aksiyalarini sotib olishga dastlabki ruxsatnomani olish;

banklarning kuzatuv kengashi va boshqaruvi a'zolarini, shuningdek muhim ahamiyatga ega xodimlarini baholash;

banklarning alohida bo‘linmalarini (filiallari va ofislarini) ochish va yopish;

bank ustaviga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni ro‘yxatdan o‘tkazish;

banklarni qayta tashkil etish va tugatish.
 
Nizomda muassislar va potensial oluvchilar, bankning kuzatuv kengashi va boshqaruvi a'zolari, shuningdek muhim ahamiyatga ega xodimlari muvofiq kelishi kerak bo‘lgan aniq mezonlar belgilangan.
 
Banklar moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan qarorlarni mustaqil ravishda qabul qiladilar. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari ularning faoliyatiga, shu jumladan banklarning kredit portfeli va aktivlarini shakllantirish, rahbar xodimlarni tayinlash bilan bog‘liq tadbirkorlik tavakkalchiliklarini boshqarishga aralashishi, shuningdek bank mablag‘lari hisobidan turli xil to‘lov va badallarni talab qilishi taqiqlanadi.
 
Banklar tomonidan amalga oshiriladigan moliyaviy operatsiyalarga quyidagilar kiradi:

omonatlar (depozitlar)ga pul mablag‘larini jalb qilish;

to‘lovlarni amalga oshirish, shu jumladan bank hisobvaraqlarini ochmagan holda;

jismoniy va yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlarini, shu jumladan banklarning korrespondent hisobvaraqlarini ochish va yuritish;

qaytarishlilik, to‘lovlilik va muddatlilik shartlarida o‘zining va jalb qilingan mablag‘lar hisobiga o‘z nomidan kreditlarni berish;

naqd va naqd pulsiz shakldagi chet el valutasi bilan bog‘liq operatsiyalar;

qimmatbaho metallardan yasalgan tangalarni sotib olish va sotish;

moliyaviy dastaklar hosilalari (derivativlar) bilan operatsiyalarni amalga oshirish;

lizingga berish va boshqalar.
 
Bankni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va litsenziya berish «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunning 20-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi. Ariza beruvchi davlat ro‘yxatidan o‘tish va litsenziya olish uchun bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani olganidan keyin olti oydan kechiktirmasdan barcha zarur hujjatlarni Markaziy bankka taqdim etishi kerak.
 
Bank faoliyati xavfsiz amalga oshirilishi ta'minlanganda hamda omonatchilar va kreditorlarning manfaatlari himoya qilinishini, shuningdek bank tizimi lozim darajada faoliyat yuritishini kafolatlovchi korporativ boshqaruv talablariga rioya etilganda Markaziy bank ijobiy qaror qabul qiladi.
 
Barcha zarur hujjatlar bilan birga ariza olingan kundan boshlab bir oydan ortiq bo‘lmagan muddatda bankni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va litsenziya berish haqida qaror qabul qilinadi. Lisenziya berganlik uchun bank ustav kapitali minimal miqdorining 0,1%i miqdorida davlat boji undiriladi. MBning rasmiy veb-saytida bank ro‘yxatdan o‘tkazilgani va unga litsenziya berilgani haqida axborot beriladi.
 
Yuqori kapital va kredit reytingi ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan chet el banklari hamda boshqa kredit tashkilotlari, shuningdek xalqaro moliya institutlarining investitsiyalari mahalliy bank tizimiga oqib kelishini rag‘batlantirish maqsadida Nizomda bankni tashkil etishda yoki bankning ustav kapitalida ishtirok etishda ushbu tashkilotlarga dastlabki ruxsatnoma berishning alohida soddalashtirilgan tartibi nazarda tutilgan.
 
Hujjat 1.10.2020 yildan kuchga kiradi.

Top