08:20 / 08.08.2020
8243

Xizmatchilarning asosiy lavozimlari klassifikatori yana kengaytirildi

Xizmatchilarning asosiy lavozimlari klassifikatoriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Norma’ning yozishicha, birinchidan, ro‘yxatga kadrlar bo‘limi inspektori, kriminalist, mediator (mediatsiya bo‘yicha mutaxassis), poligrafolog, sud eksperti va tyutor lavozimlari kiritildi.
 
Ikkinchidan, ayrim lavozimlarga ma'lumotning eng past darajasi bo‘yicha qo‘yiladigan talablarga tuzatishlar kiritildi. Natijada o‘rta maxsus kasbiy ma'lumotga ega bo‘lganlar quyidagi lavozimlarda ishlashi mumkin:

  • anderrayter;
  • ulgurji savdo korxonasi direktori (mudiri);
  • o‘quv kursi kombinati (punkti) direktori;
  • investitsiya vositachisi (market-meyker);
  • bosh davlat ijrochisi.

Uchinchidan, ularning bitiruvchilari kadrlar boshqarmasi (bo‘limi) boshlig‘i bo‘lib ishlashlari mumkin bo‘lgan ta'lim yo‘nalishlari kengaytirildi. Endi oliy yuridik ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslar ushbu lavozimda faoliyat yuritishlari mumkin (ilgari – faqat «Kadrlar menejmenti» ta'lim yo‘nalishi uchun edi).
 
Eslatib o‘tamiz, XALIKK–2017:

a) xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari nomlaridan foydalanish yuzasidan – xodimlarning mehnat daftarchalariga yozuvlarni qayd etishda, mehnat shartnomalari tuzishda, buyruqlarni rasmiylashtirishda, xizmatchilarning lavozimlarini xodimlar toifalariga kiritishda majburiy hisoblanadi;

b) ishga qabul qilishda xodimlar ma'lumotining eng past darajasi ishchilar kasblari bo‘yicha malaka razryadlarini belgilash yuzasidan:

davlat korxonalari, muassasalari va ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan tashkilotlarda qo‘llanilishi majburiy hisoblanadi;

boshqa tashkilotlar uchun – tavsiya tusiga ega;

v) ta'lim yo‘nalishlari – barcha tashkilotlar uchun tavsiya tusiga ega.
 
Hujjat 29.07.2020 yildan kuchga kirdi.

Top