00:01 / 09.08.2020
15282

Darsliklar, dastur va qabul muddati – Inomjon Majidov litsey ta'lim bo‘yicha muhim savollarga javob berdi

Inomjon Majidov yangi o‘quv yili uchun qabul jarayonlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida akademik litseylarda darslik muammosi, fan dasturlari hamda qabul muddati masalasiga oydinlik kiritib o‘tdi.

8 avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida 2020-2021-o‘quv yiliga tayyorgarlik va kirish imtihonlariga oid masalalar bo‘yicha ma'lumot berildi.

Matbuot anjumani davomida oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidovga akademik litseylarni darslik bilan ta'minlash vazifasi Xalq ta'limi vazirligi tizimiga o‘tgach qator muammolar yuzaga kelayotgani borasida savol berildi. Xususan, ayrim xududlarda darsliklar litsey o‘quvchilariga barcha maktablar darslik bilan ta'minlangach, dekabr, yanvar oylaridagina yetib bormoqda. Ammo ota-onalar darsliklar uchun to‘liq bir yillik to‘lov qiladi.

Vazir yangi o‘quv yilidan boshlab akademik litseylarni darsliklar bilan ta'minlash borasida yangi tizim joriy qilinishini ta'kidladi.

«Darsliklarni  joriy o‘quv yilida litseylarga markazlashgan holda yetkazib berishga harakat qilamiz. Ular o‘z vaqtida yetkaziladi. 

Litseylar maktablardagi oxirgi ikki sinf darajasiga chiqqanligi bois ularda asosan maktab darsliklari o‘qitilib, o‘quvchilar uchun qo‘shimcha qo‘llanmalar berilgan. Endilikda alohida darslikka o‘tish masalasini ko‘ryapmiz. Darsliklar monopoliya emas, balki alternativ tarzda – litsey qaysi oliy o‘quv yurti qoshida bo‘lsa, o‘sha o‘quv yurtining o‘qituvchilari va moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ko‘paytiriladi. Faqatgina maktabga bog‘lanib qolinmaydi», – deya Inomjon Majidov so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Litsey dasturlarida «Tarbiya» fani o‘tilishi bo‘yicha

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri tadbir davomida shuningdek, maktabdagi oxirgi ikki sinf darajasiga tenglashtirilgan litsey dasturlarida «Tarbiya» fanining saqlanib qolayotgani bo‘yicha izoh berdi.

«Litsey dasturi umumiy o‘rta ta'limga qo‘shimcha ravishda tuziladi. Ya'ni maktabda quyi sinflarda qaysi fanlar o‘tilgan bo‘lsa, litsey bosqichida ham ular davom etadi, o‘tilmagan fanlar dasturga kiritilmaydi», – dedi u.

Litseylarga qabul muddati borasida

Oliy va o‘rta maxus ta'lim vaziri matbuot anjumani davomida akademik litseylarga bo‘ladigan qabul muddati borasida ham gapirdi. Unga ko‘ra, OTMlarga qabul bo‘layotgan jarayonda akademik litseylarga ham qabul tashkil etiladi.

«OTMlarga kirish imtihonlari bo‘ladigan davrda litsey, magistratura, ijodiy imtihonlarni ham o‘tkazishni rejalashtiryapmiz. Chunki bu davrda imtihonlarni o‘tkazish uchun ko‘plab tashkiliy masalalar – transport, xavfsizlik kabilar hal qilinadi. 

Litseylarda tanlov katta bo‘lmasa, sinov o‘tkazishga ehtiyoj qolmasa, boshqa variantlar ham ko‘rib chiqiladi», deya ta'kidladi Inomjon Majidov.

Top