21:16 / 09.08.2020
19480

To‘raqo‘rg‘onda «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning 70 foizi kambag‘allikdan chiqarildi. Bunga qanday erishildi?

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidamiz. To‘raqo‘rg‘on – viloyatdagi aholisi va yer maydoni jihatidan katta tumanlardan biri, bu yerda 226 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi.

Ma'lum bo‘lishicha, tumanda «Temir daftar»ga kiritilgan xonadonlar soni dastavval 1271ta bo‘lgan. Ayni paytda ularning 900tadan ziyodrog‘i (70 foiz) mazkur ro‘yxatdan chiqarilgan.

Ushbu maqolada o‘sha oilalar hokimiyat va sektor rahbarlari tomonidan qay yo‘l bilan daromad sari yetaklangani borasida tumanga borib, ko‘rib-tanishganimizni o‘rtoqlashmoqchimiz. Avvaliga o‘sha «Temir daftar» nima ekaniga to‘xtalib o‘tsak.

«Temir daftar» – bu oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan Saxovat.argos.uz dasturi. Ushbu dasturga ijtimoiy ahvoli hamda turmush sharoiti og‘ir bo‘lgan, sektor rahbarlari tomonidan alohida nazoratga olingan oilalar kiritib boriladi. Koronavirus pandemiyasi sharoitida ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘irlashgan oilalarning bandligini ta'minlash orqali ularga daromad manbayi yaratishning vaqtinchalik tartibiga asosan, «Temir daftar»ga kiritilgan ehtiyojmand oila a'zolariga ish topib berish, ularning doimiy daromadli bo‘lishiga ko‘maklashish choralari ko‘riladi.

Ho‘sh, to‘raqo‘rg‘onliklar ehtiyojmand oila sifatida xatga tushgan oilalarning 70 foizini qanday qilib ro‘yxatdan chiqara oldi?

Kumidon qishlog‘idamiz. Bu yerda mart oyining so‘ngida Kumidon, Shoxidon va Guliston mahallalarining «Temir daftar»ga tushgan 41ta oilalariga asosiy ko‘cha bo‘yidagi yer maydoniga 41ta issiqxona qurib berilgan.

Tuman hokimi Zulayho Mahkamova, 3-sektor rahbari – tuman IIB boshlig‘i Mirshohid Sobirjonovlar bilan birga aholi vakillari bilan suhbatlashdik.

«Men Nosirjon Qahhorov. Kumidonda Do‘stlik ko‘chasida turaman. Bahorda kam ta'minlanganlarga issiqxona berilayotganini eshitib, MFYga uchradim. O‘zim dehqonman. Issiqxonani berishlari bilan yerga ishlov berib, bodring ekdim.

4,5 million so‘mdan ko‘proq daromad oldim. Mana, ikkinchi hosilga harakatni boshladik. Ikkinchisiga sarimsoqpiyoz ekishni rejalashtirib turibman. Yerdan ikki marta hosil olishning iloji bor. Hozir ekkan sarimsoqpiyozimiz fevralda yetiladi. So‘ng yana bodring yoki pomidor ekamiz», – deydi Nosirjon.

Shu yerlik yosh yigit Nurillo Samatov har yili Rossiyaga borib ishlab kelgan. Bu yil unga ham erta bahor davlat tomonidan qurilgan issiqxonalardan biri berilibdi.

«Martning oxirlarida issiqxonaga pomidor ekdim. Hosil yaxshi bo‘ldi. 2 million so‘m atrofida daromad qildik. Endi yerni ukrop, kashnich ekishga tayyorlayapman. Ko‘katning xaridori aniq. Shu yerdagi shirinlik fabrikasi oladi. Rossiyaga bora olmaganimdan xafa bo‘lmadim. Ish bor. Mehnatni qilsak, hammasi yaxshi bo‘ladi», – deydi u.

Shoxidon mahallasida yashovchi Baxtiyorjon Sattorov o‘z issiqxonasiga bodring ekib, ilk hosilidan 5 million so‘m foyda ko‘ribdi. Ayni paytda ikkinchi ekin uchun yerni tayyorlamoqda.

Davlat tomonidan taqdim qilingan issiqxonalarda mehnat qilayotgan boshqa bir necha hamyurtlarimiz bilan ham gaplashdik, ular ham berilgan imkoniyat ortidan xonadonlariga baraka kirganini aytishdi.

Shoxidondagi «Shoxidon burgutlari» klasterida bo‘ldik. Klaster 300 ming dollarlik meva mahsulolarini chet elga eksport eksport qilibdi. Shu kungacha chet elga sotilgan 200 tonnadan ziyod gilos, 300 tonna o‘rik va 200 tonna olxo‘rini tayyorlash ishlariga pandemiya davrida 100dan ortiq kishi jalb qilingan.

Klasterning meva-sabzavot saqlanadigan sovutkichlari turli meva va sabzavotlar bilan to‘ldirilib, eksport qilishga tayyorlab qo‘yilibdi. Bu sovutkichlarda ham 30 kishi ish bilan band.

«Ayni paytda mevalarni terish, saralash, qadoqlash ishlari bilan yana yuzga yaqin qishloqdoshlarimiz band. Kuniga klasterda ishlayotgan har bir ishchiga 60 ming so‘mdan ish haqi beramiz. 100 nafar ishchiga 10 million so‘m. Bu bilan qishlog‘imizning 100ta xonadoniga baraka kirib boradi», – deydi «Shoxidon burgutlari» klasteri rahbari Abdulxodi Azizov.

Axsi MFYda bo‘lganimizda hududdagi 6ta xonadon «Temir daftar»dan chiqarilishi qanday kechganini mahalla oqsoqoli Shermirza Qo‘ziyev bilan birga yurib o‘rgandik.

Mart oyida mahalla guzaridagi bo‘sh turgan binoni tadbirkor Abdurashid Akbarovga berishgan. Tadbirkor binoning katta xonasiga imtiyozli kredit mablag‘lari evaziga mashinalar olib tikuvchilik sexi tashkil qilgan, buning natijasida mahalladagi 10ta xonadon a'zolari bo‘lgan chevar ayollar ish bilan ta'minlanibdi. Ikkinchi binoga esa qishloq yoshlari va ayollari uchun fitnes zal tashkil qilingan.

«Pandemiya paytida mahalladoshlarimni ish bilan ta'minlash uchun qilgan harakatlarimga tuman rahbarlari yaqindan yordam berishdi. Chevar ayollarimiz buyurtma asosida sochiq tikishyapti. Maosh ishbay, o‘rtacha bir million so‘mga to‘g‘ri keladi.

Fitnes zalimiz faoliyati karantin bo‘lgani uchun hozircha to‘xtab turibdi. U yerdagi guruhlarda 30 nafardan ziyod mahalla yoshlari va 15 nafar ayollarimiz shug‘ullanishini bildirishgan. Qishloq joyda ular uchun barcha trenajyorlarga ega zal va yuvinish xonalari tashkil qildik», deydi tadbirkor.

Tumanda faoliyat yuritayotgan yirik sanoat obektlarida «Temir daftar»ga kiritilgan ko‘plab oilalar vakillari ish bilan ta'minlangani – alohida mavzu.

Press-tur davomida kambag‘al oilalarni daromadga kiritish uchun qilinayotgan bir qator ishlar – xonadonlarda klaster usulida quyonchilikni rivojlantirish, issiqxonalar tashkil qilish, turli kasb-hunarga yo‘naltirish kabi loyihalarga ham guvoh bo‘ldik.

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov

Top