11:33 / 11.08.2020
8341

Turizm sohasini tiklash va rivojlantirish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi

Vazirlar Mahkamasining 10.07.2020 yildagi «O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 433-son qarori qabul qilindi.

Hujjat «Turizm to‘g‘risida»gi Qonunga, Prezidentning 13.08.2019 yildagi «O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5781-son Farmoni hamda Prezidentning 19.06.2020 yildagi «Sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat'iy rioya qilgan holda, turizm sohasini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4755-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.

Norma’ning yozishicha, qaror bilan koronavirus pandemiyasining salbiy ta'sirini turizm hamda unga bevosita bog‘liq bo‘lgan tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlash orqali kamaytirish, shuningdek mamlakatda sanitariya-epideomiologik vaziyat yaxshilanishiga qarab turizm sohasini jadal qayta tiklashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi. 

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Turizm faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish va turistik industriya obektlarini tasniflash tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • Turoperator va turagentlik xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashtirish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • O‘zbekiston Respublikasida xostellar faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • Xorijiy mamlakatlardan O‘zbekiston Respublikasiga charter reyslarining tashkil qilish xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun mablag‘lar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • Xalqaro turizm yarmarkalari va ko‘rgazmalarida yangi turdagi xizmat va mahsulotlar bilan ishtirok etishi uchun turizm sohasi sub'yektlarini tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • Fuqarolar yig‘inlariga «Turizm mahallasi», «Turizm qishlog‘i» va «Turizm ovuli» maqomini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • Gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarga malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida nizom;
  • Turizm sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • Tadbirkorlik sub'yektlariga grantlar berish, kompensatsiya va moliyaviy yordam ko‘rsatish hamda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining hamkorlari – nodavlat notijorat tashkilotlarini institutsional qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi nizom;
  • Turizm axborot markazlarini barpo etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • «Turizm fidoyisi» ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom.

Shuningdek qarorda quyidagilar keltirilgan:

  • Sotishdan tushgan mablag‘larining O‘zbekistonning respublika budjetiga taqsimlanadigan qismi budjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yo‘naltiriladigan amaldagi va bugungi kunda foydalanilmayotgan sobiq turizm sohasidagi davlat aktivlari va ular egallab turgan yer uchastkalari ro‘yxati;
  • Koronavirus pandemiyasi va global inqirozli holatlarning mamlakat turizm sohasiga salbiy ta'sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
  • Turizm sohasida amalga oshirish tavsiya qilinadigan innovatsion biznes g‘oya va startaplar ro‘yxati.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligining amaldagi avtomatlashtirilgan maxsus elektron dasturi negizida jismoniy shaxslarning mulki bo‘lgan turar joylarni ijaraga berishning yagona Reyestrini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Turar joylarni ijaraga berishning Yagona elektron reyestrini yuritish va ularni sertifikatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Qarorda Turizm faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan, 2021 yil 1 avgustdan kuchga kiradigan talablar, shuningdek Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi «Turistlarga xizmat ko‘rsatish markazi» DUK zimmasiga yuklangan vazifalar qayd etilgan.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga uch oy muddatda quyidagilarni amalga oshirish topshirildi:

  • turoperatorlik faoliyati uchun berilgan litsenziyalarni xatlovdan o‘tkazish va yakuniga ko‘ra turoperator va turagentlar faoliyatlarini amalda bo‘lgan litsenziyalariga asosan alohida faoliyatlarga ajratishni ta'minlash;
  • turizm sohasidagi tadbirkorlik sub'yektlari uchun mazkur qarorning mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan o‘quv-seminarlar tashkil etish;
  • xostel xizmatlarining muvofiqlik sertifikatlarini xatlovdan o‘tkazish, ularni Oilaviy mehmon uylari va xostellar yagona reyestriga kiritish.

Qarorda turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga doir boshqa chora-tadbirlar qayd etilgan.

Hujjat 10.07.2020 yildan kuchga kirdi.

Top