15:00 / 12.08.2020
24049

Samarqandda eni 42 metrli yo‘l qurib bitkazilmoqda

Shohi zinda ko‘chasidan boshlanib, M-37 magistral yo‘lidagi ko‘prikka tutashuvchi mazkur yo‘l — Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasining qurilishi 2019 yil oktabr oyda boshlangan edi. 2020 yil oxiriga qadar qurilish tugallanishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur yo‘lning o‘rtadagi qismida 4 tasmali asosiy yo‘l joylashgan bo‘lib, undan tashqari har ikki chetdan mahalliy yo‘nalishlar uchun ham alohida yo‘l qurilmoqda. Bu Samarqandda ilk bor qo‘llanilayotgan amaliyot.

Qurilish loyihasi bosh muhandisi Farhod Boboyevning ma'lum qilishicha, bu yo‘l chetlaridagi quyma lotoklar ham viloyatda ilk marta o‘rtanilmoqda. Mazkur lotoklarning usti ham yopiq bo‘ladi. Tungi yoritish tizimi uchun Samarqandning tarixiyligiga monand ravishda, naqshsimon bezakli ustunlar o‘rnatilgan.

Shuningdek har ikki tomondan piyodalar yo‘lagi va yo‘llar oraliqlarida maxsuc gulzor va daraxtlar uchun oraliq joy tayyorlangan.

Qurilishni olib borayotgan tashkilot — «Oqdaryo tuman yo‘llardan foydalanish» unitar korxonasi rahbari Ravshan Nurmamatov 4 km 356 metrlik ushbu yo‘lning qanday tiklanishi haqda so‘zlab berdi. Unga ko‘ra, yo‘l quyidagicha tartibda qurib borilmoqda:

 1. Yo‘lning asos qismi, 52 santimetr balandlikdagi qum-shag‘al aralashmasi.

2. 3 santimetrdan iborat chaqiq toshdan iborat tekislochi qatlam.

3. Asosning yuqori qatlami. Bunda 8 santimetrli katta zarrali asfalt beton qorishmasi quyiladi.

4. Qoplamaning ostki qatlami. Bu 7 santimetrli katta zarrali asfalt-beton qorishmasidan iborat.

5. Qoplamaning ustki qatlami. Mazkur qatlam 5 santimetrli mayda zarrali asfalt-betondan iborat.

Mazkur qurilish Vazirlar Mahkamasining «Samarqand shahrida 2019-2022 yillarda amalga oshiriladigan ulkan bunyodkorlik ishlari to‘g‘risida»gi 2019 yil 19 maydagi qarori hamda 2019 yil 20 sentyabrdagi yig‘ilish bayoni asosida amalga oshirilmoqda.

 Yangi yo‘l qurilishi buyurtmachisi Samarqand viloyati hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi hisoblanadi. Qurilishning dastlabki bahosi 57 milliard 692 million so‘m bo‘lib hozirgacha 25 milliard so‘m mablag‘ sarflangan.

Obekt qurilishida 70 nafardan ziyod quruvchilar va 30 dan ortiq texnikalar jalb etilgan.

Mazkur yo‘l qurilishi bitkazilib, foydalanishga topshirilgach viloyatdagi eng ko‘rkam va chiroyli yo‘llardan biri bo‘lishi kutilmoqda. O‘ziga xos piyodalar yo‘lagi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari ham shunga monand ravishda barpo etib borilmoqda.

Yo‘l qurilishi bitkazilgach quyidagi ko‘rinishda bo‘ladi:

Top