11:45 / 14.08.2020
9262

Olimlar koronavirus infeksiyasini nur terapiya bilan davolashni taklif qilishdi

AQSh va Kanada olimlari koronavirus infeksiyasini nur terapiya bilan davolash mumkinligini ta'kidlashmoqda. Bu orada rossiyalik mutaxassislar bu usulning xavfsiz ekaniga shubha bildirishgan.

Foto: Lisa Maree Williams / Getty Images

Kanadadagi Jyek Adi onkologiya markazi tibbiy fizika bo‘limi mutaxassislari kichik dozadagi rentgen nurlari koronavirus infeksiyasining asorati hisoblanuvchi zotiljamga qarshi yordam berishi mumkinligini ta'kidlashmoqda. “XX asr boshida zotiljamni rentgen nurlari bilan davolash oddiy ish bo‘lgan”, deb aytishgan tadqiqot mualliflari.

Maqolada ta'kidlanishicha, ilmiy tadqiqotlar nurlanishning kichik dozalari yallig‘lanishga qarshi samarali ekanini ko‘rsatgan. Mutaxassislarning fikricha, nur terapiyani qo‘llash koronavirusdan o‘lim darajasini kamaytirishi, radiatsiyaning kichik dozalarda qo‘llanishi esa bunday davolashda yuzaga keladigan toksikologik ta'sirlardan qochish imkonini beradi. 

AQShdagi Emori universitetining saraton tadqiqotlari instituti ilmiy guruhi nur terapiyani koronavirus infeksiyasi va zotiljamga chalingan bemorlarda sinovdan o‘tkazgan. Tadqiqot davomida 10 bemor o‘pkasi nurlantirilgan. Yana 10 bemor nur terapiyasiz davolangan. Natijada nurlangan bemorlar 3 kunda, oddiy usulda davolanganlar esa 12 kunda sog‘ayib ketgan. Mualliflarning ta'kidlashicha, nur terapiya bemorlarga toksik ta'sir qilmagan. 

Bu orada Rossiyaning N.N.Bloxin nomidagi onkologiya ilmiy-tadqiqot markazi yetakchi ilmiy xodimi Irina Lebedenko koronavirusdan radiatsiya bilan davolash yetarlicha tadqiq qilinmaganini ta'kidlab o‘tgan. U nurlanishning kichik dozalari ham saraton keltirib chiqarishini eslatib o‘tgan va infeksiyaga qarshi kurashishning boshqa xavfsiz usullarini izlashga chaqirgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top