18:11 / 14.08.2020
6581

«O‘zbekneftgaz»: Ishlab chiqarishning 7 oylik yakunlari va pandemiya davrida ish tashkil etish bo‘yicha kengaytirilgan kengash yig‘ilishi o‘tkazildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 12 avgustdagi kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida «O‘zbekneftgaz» AJ oldiga joriy yil asosiy ko‘rsatkichlarini to‘liq bajarish bo‘yicha katta vazifalar belgilab berildi.

Shundan kelib chiqib, boshqaruv raisi boshchiligida karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatilayotgani sababli tarmoqning barqaror ishlashini ta’minlash, 7 oylik prognoz ko‘rsatkichlarining natijalari, 9 oy va yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar va boshqa masalalarga oid kengaytirilgan kengash yig‘ilishi o‘tkazildi.

Boshqaruv raisi yig‘ilish avvalida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtalib, qurilish-montaj ishlari davom etayotgan maydonlarda infeksiya tarqalishini oldini olish, konlar, quduqlarda vaxta rejimidagi ishlarni uzluksizligini ta’minlash va temir intizom bilan ishlar tashkil etilishini ta’kidladi.

Shuningdek, karantin talablari yumshatilayotgan bo‘lsa-da, tabiiy gaz ishlab chiqish va qayta ishlash korxonalarida, neft bazalarida ijtimoiy masofani saqlash, niqob taqish, dezinfeksiya va boshqa sanitariya-gigiyena talablariga so‘zsiz amal qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shundan so‘ng, boshqaruv raisi tomonidan kun tartibidagi asosiy masalalarga o‘tib, tabiiy gaz qazib chiqarish, quduqlarni ishga tushirish, suyultirilgan gazni ishlab chiqarish, mahsulotlar eksporti bo‘yicha 7 oylik reja ko‘rsatkichlari bajarilmagani tanqid qilindi.

Mahsulotlar eksporti bo‘yicha ham belgilangan vazifalarning to‘liq bajarilmagani, jumladan, «O‘z-kor gaz kemikal» korxonasi 85,3 mln dollar, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi 3,9 mln dollar, «Muborak» gazni qayta ishlash zavodi 2,7 mln dollar hajmda qoloqlikka yo‘l qo‘ygani aytildi.

Shu sababli, boshqaruv raisi Tijorat departamentiga pandemiya davrida eksportni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan takliflar ishlab chiqish va eksportda yo‘l qo‘yilgan qoloqlikni bartaraf etib, joriy yil yakuniga qadar 252 mln dollarlik eksportini ta’minlash bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.

Kengaytirilgan kengash yig‘ilishida shu boradagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Eng avvalo, bu kamchiliklarni bartaraf etish uchun sohadagi rahbar xodimlarning ish uslubini o‘zgartirishi, yangi g‘oya, yangi loyihalar qo‘llash bo‘yicha ishlarni amalga oshirishi, mehnat unumdorligiga erishish, klaster va chuqur qayta ishlashni boshlash lozimligi aytildi.

Avvalo, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik, ishchi-xodimlarning oylik maoshlarini o‘z vaqtida berish, ishlab chiqarish hajmini oshirishda faollik ko‘rsatgan fidoyi xodimlarni rag‘batlantirish, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash zarurligi belgilab berildi.

Yig‘ilishda yil oxirigacha 134 ta quduqni ishga tushirish va 549 ta quduqni ta’mirlash, tabiiy gaz zaxiralarini – 20 mlrd kub metrga va gaz kondensati zaxiralarini – 620 ming tonnaga yetkazish va yig‘ilish davomida qo‘shimcha yana 10 ta quduqni ishga tushirish topshirig‘i berildi.

Boshqaruv raisi neft bazalarining rahbarlari faoliyatiga alohida to‘xtaldi va ishni to‘g‘ri tashkil qilmagani, korxonaning iqtisodiy ahvolini yaxshilash bo‘yicha ishlarni bajarmagani uchun Andijon hamda Urganch neft bazalari rahbarlariga hayfsan e’lon qilindi.

Yig‘ilishda muhokama etilgan masalalar va belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan boshqaruv raisining o‘rinbosarlari, Boshqarma, zavod va neft bazalari rahbarlarining axboroti tinglandi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid
Top