17:33 / 14.08.2020
5102

​So‘xlik yoshlarga prezident sovg‘asi sifatida sport inventarlari yetkazib berildi

8 avgust kuni So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid prezident qarori qabul qilingan edi.

Bugungi kunda tumanda 80 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan bo‘lib, ularning 20 ming nafarga yaqinini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Ammo, shu paytga qadar bu tumandan terma jamoa darajasidagi biror sportchi yetishib chiqmagan. Buning asosiy sababi – hududning sport infratuzilmasi qoniqarli emasligi hamda inventarlar bilan yetarli darajada ta'minlanmagani edi.

Shu kunlarda So‘x tumanida jismoniy tarbiya va sport sohasi rivojini yangi bosqichga olib chiqish, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish hamda iqtidorli sportchilarni tarbiyalab, milliy terma jamoalar darajasigacha olib chiqish choralari ko‘rilmoqda.

Shu maqsadda tuman yoshlari uchun yangi sport inshootlarini barpo etish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish hamda ularni yetarli darajada sport jihozlari va inventarlari bilan ta'minlash borasida tegishli vazifalar belgilab olindi.

Jumladan, So‘x tumanida yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish bo‘yicha maqsadli reja ishlab chiqilgan bo‘lib, uning doirasida tumandagi sport inshootlari uchun jami 30 turdan ortiq umumiy qiymati esa 600 million so‘mlik Prezident sovg‘asi – sport jihozlari va inventarlari yetkazib berildi.

Ta'kidlash kerak, tuman yoshlari uchun ko‘p yillardan beri jismoniy tarbiya va sport jihozlari yetkazib berilmayotgan edi. Natijada, mahalliy yoshlar sport borasida o‘z iqtidori va iste'dodini namoyon etishda muammolarga ham duch kelishayotgan edi. Negaki, sport jihozi yetishmagach, sportchining mahorati o‘smaydi, ko‘rsatkichlari ham pasayib ketadi. Umid qilamizki, davlat darajasidagi bu kabi e'tibor sportchi yoshlarning yanada faol bo‘lishiga va yaqin davr ichida ular orasidan nafaqat O‘zbekiston, balki Osiyo va jahon chempionlari ham yetishib chiqishiga xizmat qiladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Top